Buxoro viloyatida bir kunda mavhum holatda sodir etilgan to‘rtta jinoyat fosh etildi
Bugungi kunda Buxoro viloyatida mavhum holatda sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish borasida alohida tezkor qidiruv guruhlari tomonidan bir qator manzilli chora- tadbirlar belgilanib, ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Jumladan, olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida bir kunda mavhum holatda sodir etilgan to‘rtta jinoyat fosh etildi.
Nomaʼlum shaxs tomonidan Shofirkon tumani “Bog‘iafzal” mahallasida yashovchi bir fuqaroning yashash xonadoniga o‘g‘irlikka suiiqasd qilinganlik holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25/169-moddasi 2-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari natijasida, ushbu jinoyatni tumanning “Bog‘iafzal” mahallasida yashovchi 1999-yilda tug‘ilgan X.P. ismli shaxs sodir qilganligi;
Xuddi shunday ikkinchi holatda Kogon shahrida nomaʼlum shaxs, Qorovulbozorshoh ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning podezdida qarovsiz qoldirilgan, 1.000.000 so‘mlik velosipedni yashirin ravishda o‘g‘irlab ketganligi bo‘yicha Kogon shahar IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni G‘ijduvon tumani “Bo‘ktaroy” mahallasida yashovchi 1968-yilda tug‘ilgan H.R. sodir qilganligi;
Shuningdek, yana bir holatda Kogon tumanida nomaʼlum shaxs tomonidan boshqa bir fuqaroga tegishli, Kogon tumani “O‘zbekiston” mahallasida joylashgan “Said Amir Firdavsbek” oilaviy korxonasiga qarashli oziq-ovqat savdo do‘konidan bahosi 500.000 so‘mlik bir dona “RedMI NOT-7” rusumli telefon apparatini, 700.000 so‘m naqd pullarni va qora rangli sumkaning ichida bo‘lgan bahosi 200.000 so‘mlik bir dona “Micromax” rusumli telefon apparatining o‘g‘irlab olinganligi holati yuzasidan tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan surishtiruv xarakatlari davomida esa ushbu jinoyatni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri A.Raximboyev ko‘chasida yashovchi 1995-yilda tug‘ilgan Y.G. ismli ayol sodir qilganligi;
Navbatdagi to‘rtinchi holatda nomaʼlum shaxs tomonidan Kogon tumani «Xo‘ja Yakshaba» mahallasida joylashgan paxta tozalash zavodining kiyim almashtirish xonasida, boshqa bir fuqaroning kiyimi cho‘ntagida bo‘lgan “Samsung-A10s” rusumli uyali telefon apparatining o‘g‘irlab ketilganligi holati yuzasidan tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan surishtiruv xarakatlari davomida ushbu jinoyatni tumanning “Sarayon” mahallasida yashovchi, 1982-yilda tug‘ilgan J.H. sodir qilganligi fosh etilgan.
Barcha fosh etilgan jinoyat ishlari bo‘yicha daliliy ashyolar xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirib olinib, ushbu shaxslarning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorliklarini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.