13 Aprel 2023 yil 414

Buxoro viloyatida xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar olib borilmoqda

Bugun, 13 aprel kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha masʼullari tomonidan hududlar bo‘ylab keng qamrovli profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, Kogon tumani “Hukumadobod” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Muborak Ibodova xonadonida “Ayolini eʼzozlagan yurt” shiori ostida tadbir tashkil etildi.

Unda Ichki ishlar hamda Oila xotin-qizlar boshqarmalari mutasaddilari nuroniy onaxonlar, mahallaning faol xotin-qizlari, oqila ayollar ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mahallada osoyishtalik, oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash, ayollar tomonidan sodir etilayotgan o‘g‘rilik, firibgarlik, tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlar, shuningdek, kiberjinoyatchilik qurbonlari ortib borayotgani haqida so‘z yuritishdi.

Mahalla hududida joylashgan 14-umumiy o‘rta taʼlim maktabining isteʼdodli va  qiziqishi orqali respublika miqyosda o‘tkazilayotgan turli tanlov va musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan namunali qizlar bilan ularning qiziqishlari, kelajakdagi rejalari, bo‘sh vaqtdan unumli foydalanish borasida suhbat o‘tkazildi.

Kogon tumani “Sarayon” mahallasida joylashgan "Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi"da ayni paytda tikuvchilik yo‘nalishi  bo‘yicha kasb-hunarga o‘rganish, tadbirkorlik asosida ish faoliyatini boshlash istagini bildirgan, “Ayollar daftari”ning to‘rtinchi bosqichi ro‘yxatiga kiritilgan 25 nafar xotin-qizlar tahsil olmoqda.

Mutasaddilar mazkur markazda bo‘lib, xotin-qizlar bilan ayollar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni olini olish, oila turmush doirasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar haqida muloqot qilib, ularga kerakli huquqiy va tavsiyalar berdilar.

Sarayon mahallasi faol xotin-qizlari bilan “Oila mustahkamligi uchun barchamiz maʼsulmiz” shiori ostida bo‘lgan uchrashuvda esa oilaviy ajrimlar, ularning salbiy oqibatlari aksariyat hollarda huquqbuzarlik va va hatto jinoyatlarga sabab bo‘layotgani taʼkidlandi.

Notinch oilalarda  muhitni sog‘lomlashtirish, xotin- qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, himoya orderi  haqida tushuntirishlar berildi.

Shuningdek Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Dilfuza Sharopova hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi masʼullari tomonidan Maxsus qabulxonada saqlanayotgan maʼmuriy qamoqqa olingan ayollar bilan navbatdagi yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar ham o‘tkazildi.

Suhbat jarayonida xotin-qizlarning muammolari o‘rganilib, jazo muddatini o‘tab bo‘lgach, ularni ijtimoiy foydali mehnatga yo‘naltirish, sog‘lom turmush tarzini tanlashlari borasida tushuntirishlar berildi.

Oilada sog‘lom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirish, notinch, nosog‘lom muhit oilalar farzandlarining taʼlim-tarbiyasida, ayniqsa, onalarning xato va kamchiliklari bolalarining kelajagi va taqdiriga raxna solishi, o‘zi o‘rnak bo‘lishi, xususida qatʼiy ogohlantirildi.

Tegishli tavsiyalar berilib, ijrosi yuzasidan zaruriy chora-tadbirlar ko‘rildi.

Buxoro viloyatida xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni oldini olish maqsadida o‘tkazilayotgan bu kabi profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

Text to speech