Buxoro viloyatining 3-sektoriga qarashli hududlarda "mahallabay" tamoyil hamda "xonadonbay" tizim asosida aholining ijtimoiy muammolari hal etilmoqda
Bugungi kunda Buxoro viloyati IIB boshlig‘i rahbarligidagi 3-sektor ishchi guruhi, sektorga qarashli tumanlar, shuningdek, viloyatning barcha shahar va tumanlari 3-sektorlariga qarashli mahallalarda "mahallabay" tamoyil hamda "xonadonbay" tizim asosida aholi muammolarini o‘rganmoqda.
Bunda asosiy eʼtibor hududlarda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish, aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy masalalarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish, ayniqsa aholini tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi bilan uzluksiz taʼminlash, ko‘mir yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, aniqlangan muammolar va fuqarolarning takliflaridan kelib chiqib mavsum davomida elektr energiyasi va tabiiy gaz resurslaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlariga qaratilmoqda.
Shofirkon tumanida istiqomat qiluvchi aholining yechimini kutayotgan muammolarini o‘rganish hamda ularni ijobiy hal etish maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari hamda viloyatning qator mutasaddi idora va tashkilotlari vakillaridan tarkib topgan guruhlar tumanning 3-sektoriga qarashli mahallalarida uyma-uy yurib, "xonadonbay" tizim asosida har-bir xonadonning sharoiti bilan tanishib, aholi muammolari, jumladan tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi taʼminoti bilan bog‘liq masalalarini bartaraf etmoqdalar.
Qo‘shimcha muddat talab etiladigan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kuchaytirilgan tartibda ish rejimi tashkillashtirilgan.
Ishchi guruh o‘rganishlari davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilot va idoralarning qo‘shimcha kuch va vositalari jalb qilinmoqda.
Bu kabi o‘rganish ishlari tasdiqlangan grafik asosida viloyatning barcha shahar va tumanlarida davom ettiriladi.