8 Avgust 2022 yil 769

Buxoro: Xotin-qizlar jinoyatchiligini oldini olish va unga qarshi kurashish choralari ko‘rilmoqda

Ayol — jamiyat gultoji, oila farishtasi. U go‘zallik, nafosat va sadoqat ramzidir. U mehr-oqibatlilik, fidoyilik, halollik kabi fazilatlarni farzandi ongu shuuriga singdiradigan ona. Ammo, ming afsuski, bunday yuksak rutbaga barcha ayollarimiz birday munosib bo‘lishmayapti.

Onasini farishta sifatida ko‘rib, unga o‘xshashni orzu qilib yurgan farzand volidasining o‘g‘ri yoki qotil ekanini bilgach yoki panjara ortida o‘tirgan onani ko‘rgan farzand qay ahvolga tushishini hech tasavvur qilib ko‘rganmisiz?

Shuni alohida taʼkidlab o‘tish lozimki, insonning huquqbuzar yoki jinoyatchi bo‘lishiga uning olgan tarbiyasi, oilaviy va tashqi muhit, munosabat o‘rnatgan kishilarining qarashlari va jamiyatda tutgan o‘rinlari ham taʼsir ko‘rsatsa, achinarlisi, baʼzida o‘z huquqlarini yaxshi bilmaslikdan jinoyatga qo‘l uradiganlar ham bor. Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, bu kabi jinoyatlarning asosiy sababi fuqarolik munosabatlarini qonun doirasida amalga oshirmaslikka borib taqaladi.

Davlatimiz rahbarining mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada, Buxoro viloyatida ham aholi ayniqsa xotin-qizlar jinoyatchiligi va huquqbuzarligini barvaqt oldini olishga doir keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Dilfuza Sharopova hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi va Kogon shahar hokimligi, mahalla masʼullari ishtirokida Kogon shahar “Temiryo‘lchilar” mahallasi Temiryo‘lchi va Umid ko‘chalaridagi umumiy hovlilardagi 30 yaqin xonadonlarda istiqomat qiluvchi aholi orasida “Xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish” maqsadida navbatdagi profilaktik targ‘ibot ishlari olib borildi.

Bunda, aholi orasida oila turmush doirasida huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolar olib borilishi lozim bo‘lgan profilaktik ishlar va ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirish, notinch oilalar bilan tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ular o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish hamda turli salbiy illatlarga qarshi kurashishga doir so‘z yuritildi. Tazyiq  va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga “Himoya orderi” berish tartibi tushuntirildi.

Shuningdek, hudud aholisi ayniqsa, xotin-qizlarning mavjud muammolari joyida o‘rganilib, ularni manzilli bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, jamiyatimizning ko‘rki bo‘lgan ayolning nozik qo‘llariga kishan emas, gul, qalbiga esa yovuzlik emas, ezgulik yarashadi. Uning tillaridan pushaymonlik, afsus nolasi emas, baxtdan, toledan kuylaydigan allalar yangrashi uchun esa ayollar qonunbuzarligining oldini olish faqat huquq-tartibot idoralari yoki tegishli tashkilotlarninggina emas, hammamizning vazifamizga aylanishi lozim.

Text to speech