12 Avgust 2023 yil 967

Buxoroda gazdan noqonuniy foydalangan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari fosh etildi

Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda “Sadbarg” xususiy korxonasiga qarashli “Sadbarg-1” va “Sadbarg-3” avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shohobchalarida o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.

O‘rganish davomida, “Sadbarg” xususiy korxonasiga qarashli “Sadbarg-3” AGTKSHda o‘rnatilgan “Avtopilot PRO” elektron gaz hisoblagichga o‘rnatilgan bir martalik tamg‘ani bog‘lovchi simlar uzilganligi hamda o‘lchov tarmog‘ida o‘rnatilgan toraytiruvchi qurilmalarning maksimal gaz o‘lchash chegarasi shoxobchada o‘rnatilgan kompressor qurilmasidan kam ekanligi aniqlanib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Xuddi shunday, korxonaga qarashli “Sadbarg-1” AGTKSH sanoat tarmog‘ida o‘rnatilgan toraytiruvchi qurilmalarning maksimal gaz o‘lchash chegarasi shoxobchada o‘rnatilgan kompressor qurilmasidan past ekanligi aniqlangan.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud – ekspertiza markazi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan taqdim qilingan xulosaga ko‘ra “Sadbarg” xususiy korxonasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yildagi 22-sonli qarori, 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 125-bandi “v” va “D” kichik xatboshisida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik sodir qilingan holda “Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali manfaatlariga (“Sadbarg-1” bo‘yicha 276 mln. so‘m va “Sadbarg-3” bo‘yicha 332,8 mln. so‘m) jami 608,8 mln. so‘m zarar yetkazilgan.

To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, “Sadbarg” xususiy korxonasi mansabdor shaxslarining harakatlarida juda ko‘p miqdordagi tabiiy gazni o‘g‘irlashda ifodalangan jinoyat alomatlari mavjud.

Mazkur holat yuzasidan “Sadbarg” xususiy korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech