6 Iyul 2023 yil 805

Buxoroda ikki holatda ayollar tomonidan sodir etilgan kiberxavfsizlik jinoyatlari fosh etildi

Nomaʼlum shaxs Kogon shahar Xalqlar Do‘stligi ko‘chasida yashovchi fuqaroni va yana 3 nafar boshqa fuqarolarni aldab, ularning soddaligidan foydalanib, turli aldov yo‘llari bilan plastik kartalaridan jami 4.040.000 so‘m pullarni axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yechib olib, firibgarlik jinoyatlarini sodir qilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Kogon shahar IIB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Kogon shahar “M.Ulug‘bek” mahallasida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan O.G. ismli ayol sodir qilganligi aniqlandi.

Shuningdek, navbatdagi holatda Olot tumani IIB tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, nomaʼlum shaxs kompyuter tizimlariga ruxsatsiz kirib, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida tumanning “Maʼrifat” mahallasida yashovchi boshqa bir fuqaroga “Milliybank” ATB tomonidan rasmiylashtirib berilgan plastik kartadan hamda shu kabi yana 9 nafar fuqarolarning kartasidan jami 12.511.000 so‘m pullarni yashirin ravishda yechib olib, fuqarolarga moddiy zarar yetkazgan.

Mazkur holatlar yuzasidan ham tuman IIB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida, ushbu kiberjinoyatlarni Olotning “Maʼrifat” mahallasida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan Sh.G. ismli ayol sodir qilganligi fosh etilgan.

Hozirgi kunda ushbu shaxslarning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorliklari, shuningdek, ushbu gumon qilinuvchilardan jabrlangan fuqarolarni aniqlash yuzasidan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Text to speech