Buxoroda "Mobil targ‘ibot guruh" larining faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Buxoro viloyat IIB boshlig‘ining tashabbusi bilan viloyatning barcha shahar va tumanlarida, mahallalar hududida voyaga yetmaganlar, yoshlar hamda xotin-qizlar jinoyatchiligi, o‘g‘irlik va firibgarlik, tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlar, yo‘l transport hodisalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan turli jinoyatlar, ayniqsa plastik kartalaridan pul yechi olish va o‘g‘irlash bilan bog‘liq jinoyatlarni oldini olish hamda bu turdagi jinoyatlarning sodir etilishiga imkon berayotgan omillar, tub sabablar hamda ularning oqibatlari, aholining huquqiy ongi va savodxonligini oshirish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish maqsadida "Mobil targ‘ibot guruh" larining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu mobil targ‘ibot guruhlari mahallalarga bevosita tashrif buyurib, odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati tomonidan tayyorlangan targ‘ibot video roliklarini namoyish qilgan holda, yuqorida aytib o‘tilgan jinoiy unsurlar to‘g‘risida aniq misollar orqali tushuntirishlar berib, shu orqali aholining huquqiy madaniyatini oshirmoqda.
Jarayonda ishtirok etgan Buxoro viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov mahallalarda istiqomat qiluvchi har bir fuqaroning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, ularni jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishdan saqlash, jinoyat qurboniga aylanib qolishini oldini olish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini yana-da kuchaytirish kerakligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar berdi.
Bu kabi targ‘ibot-tashviqot ishlari viloyatimizning barcha hududlari bo‘ylab davom ettirilmoqda.