Buxoroda o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganlikda gumon qilingan jinoiy guruh qo‘lga olindi
2023 yilning 9 aprelidan 10 apreliga o‘tar kechasi nomaʼlum shaxs Romitan tumani Gazli shaharchasi cho‘l massivida joylashgan “YEVRASCON CENTRAL ASIA” MCHJ ga tegishli 5 dona elektrodvigatellar va 12 dona boshqa turdagi ehtiyot qismlarni yashirin ravishda o‘g‘irlab olib, jamiyatga umumiy qiymati 107 million 678 ming 119 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni, Peshko‘ tumani “Quchoq” mahallasida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan Sh.D., Romitan tumani Gazli shaharchasida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan O‘.O., shu manzilda yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan M.M. va Gazli shahar Abay ko‘chasida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan E.A. ismli shaxslar oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib sodir qilganliklari fosh etilib, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Hozirda ushbu jinoiy guruhning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.