Buxoroda qalbaki so‘m kupyuralarini ishlab chiqargan jinoiy guruhning kirdikorlari fosh etildi
G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi TQX JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, tumanning “Sharq” mahallasida yashovchi 2004-yilda tug‘ilgan S.A., Navoiy viloyati Qiziltepa tumani “Malikobod” mahallasida yashovchi 2003-yilda tug‘ilgan Sh.B., qo‘shni mahallaning F.Xo‘jayev ko‘chasida yashovchi 2004-yilda tug‘ilgan D.A. va 2002-yilda tug‘ilgan A.D. ismli 3 nafar sheriklari bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, qasddan jinoyat sodir qilish yo‘liga o‘tib, joriy yilning 19-iyun kunidan 26-iyun kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida, Buxoro shahri A.Temur ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biridagi vaqtinchalik ijaraga olgan xonadonda “Epson L-3100” rusumli rangli printer yordamida 100.000 so‘mlik pul kupyuralarini kelgusida o‘tkazish maqsadida ko‘paytirish yo‘li bilan yasab, qalbaki pullarni savdo do‘konlari va fuqarolarga o‘tkazib kelayotganliklari aniqlanib, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan ushbu jinoiy guruhning 4 nafar aʼzolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 176-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.