30 Mart 2023 yil 565

Buxoroda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi

O‘quv kursi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida o‘tkazildi.

Unda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, Buxoro viloyati prokuraturasi va ichki ishlar tizimi xodimlari ishtirok etishdi.

Ushbu o‘quv mashg‘ulotlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 7 fevraldagi Qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturiga asosan o‘tkazilgani alohida ahamiyat kasb yetdi.

Shuningdek, tadbirda Konstitutsiyaning yangi tahririni referendumga chiqarish haqidagi qarorning maqsadi, yangi tahrirga asosan, O‘zbekiston konstitutsiyasidagi moddalar soni hozirgi 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilayotgani, 128 ta moddaning 91 tasiga konseptual o‘zgarishlar kiritilayotgani haqida maʼlumot berildi. Mashg‘ulotlar avvalida insonni qiynoqqa solishdan maqsad uning shaxsi va shaʼnini oyoqosti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xo‘rlashdan iborat ekaniga eʼtibor qaratildi.

Aslida, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etishining o‘zi ham mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash tamoyilining keng quloch yozayotganidan dalolatdir.

Shuni ham taʼkidlash joizki, mazkur o‘quv kursi BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda o‘tkazilmoqda. Mashg‘ulotlar qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish sohasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining xalqaro amaliyot va milliy tajriba asosidagi amaliy ko‘nikmalarini oshirishiga ko‘maklashadi.

Ikki kunlik qisqa o‘quv kursi davomida egallangan nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi. Mashg‘ulotlar yakunida test sinovlari o‘tkazildi. Shundan so‘ng tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Text to speech