Buxoroda yana ikki holatda sodir etilgan o‘g‘irlik jinoyatlari fosh etildi
Nomaʼlum shaxs o‘zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida tumanning “Pomo‘za” mahallasida joylashgan “G‘ijduvon Dehqon bozori” AJga qarashli, quruq mevalar va boshqa mahsulotlar sotish uchun mo‘ljallangan ayvon ostidagi rastadan, shu yerda savdo qiluvchi boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan qizil rangli charm sumka, uning ichida bo‘lgan 2.300.000 so‘m pullarni, fuqarolik pasporti va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani, 2 dona bank plastik kartalarni va bahosi 2.100.000 so‘mlik “Samsung-A12” rusumli telefon apparatini yashirin ravishda o‘g‘irlab, jabrlanuvchiga jami 4.400.000 so‘m moddiy zarar yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Y.M. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlangan.
Ikkinchi holatda, nomaʼlum shaxs boshqa bir fuqaroning mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida Buxoro shahar Mustaqillik ko‘chasida joylashgan omborxona sifatida foydalanib kelinayotgan qurilishi tugallanmagan obyektga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, A.R. ismli shaxsga tegishli bo‘lgan, har birining bahosi 560.000 so‘m bo‘lgan 4 dona “Agidel” 370 rusumli va 5 dona har birining bahosi 559.000 so‘mlik umumiy bahosi 5.035.000 so‘mni tashkil qiladigan suv nasoslarini yashirin ravishda o‘g‘irlab, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Buxoro shahar Q.Murtazoyev ko‘chasida yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan Y.A. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirda ushbu shaxslarning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorliklarini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.