Buxoroda yer savdosi bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi
Buxoro shahar “B.Naqshband” ko‘chasida yashovchi 1964 yilda tug‘ilgan Sh.Q. ismli shaxs boshqa bir ayolni aldab, uning ishonchini suiisteʼmol qilib, Buxoro tumani hokimligi zahirasida turgan, Rabotiqalmoq mahallasi hududidagi sobiq “Zarafshon” bog‘dorchilik shirkatida joylashgan 0,1 gektar bo‘sh yer maydonini sotish va keyinchalik hujjatlarini rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, evaziga 11.500 AQSH dollari talab qiladi.
2023 yil 30 mart kuni Buxoro viloyati IIB JQB hamda Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Buxoro shahar “B.Naqshband” ko‘chasida joylashgan ATB “Asaka bank” Buxoro filiali binosi oldida talab qilingan pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.