22 Iyul 2023 yil 499

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida matbuot anjumani hamda boshqarma huzuridagi Jamoatchilik kengashining yarim yillik hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida bugun, 22 iyul kuni 2023 yilning 6 oyi davomida viloyatda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida olib borilgan profilaktik tadbirlar va ularning natijadorligi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha keng jamoatchilikka axborot berish, sohaga taalluqli muammoli savollarga oydinlik kiritish hamda tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida navbatdagi matbuot anjumani hamda viloyat IIB huzuridagi Jamoatchilik kengashining yarim yillik hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.

Matbuot anjumanini boshqarma Axborot xizmati boshlig‘i podpolkovnik Shuhrat Jalolov ochib berib, ishtirokchilarni kun tartibi bilan tanishtirdi.

Shundan so‘ng, viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov anjuman kun tartibidagi masala bo‘yicha batafsil maʼlumot berdi.

Bunda, tizimda amalga oshirilayotgan manzilli chora-tadbirlar, sohani “Xalq manfaatlariga xizmat qiladigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish maqsadida olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, boshqarma boshlig‘i tomonidan aholi muammolarini hal etishda «fuqarobay» ishlash orqali huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasini taʼminlash hamda "Xavfsiz hudud" tamoyili asosida jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumotlar taqdim etildi.

Shu bilan birga, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Buxoro davlat universiteti o‘rtasida “Voyaga yetmaganlar, yoshlar va xotin-qizlar orasida jinoyat hamda huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar” xususida imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumiga ko‘ra tashkil etilgan «Psixologik va sotsiologik xizmat ko‘rsatish» ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar va ularning amalga oshirish mexanizmi xususida so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng, Buxoro viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘i podpolkovnik Umid Utayev tomonidan korrupsiyani oldini olishga qaratilgan yangi loyiha taqdimoti ham o‘tkazildi.

Unga ko‘ra shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilik talablariga rioya etilishi, xodimlarning xizmatga sovuqqonlik bilan qaramasliklari, poraxo‘rlik va taʼmagirlik hamda korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, vakolatdan chetga chiqmaslik, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo‘lishlari yuzasidan olib boriladigan chora-tadbirlar tushuntirildi.

Tadbirning ikkinchi qismida boshqarma huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashining muhim masalalari hamda uning aʼzolari ishtirokida xodimlar faoliyatini shaffof tahlil qilish, kuzatish va xulosaviy fikr bildirishda o‘ziga xos yangicha yondashuv asosida olib borilayotgan chora-tadbirlar ish samaradorligini oshirish barobarida xalq osoyishtaligi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda muhim sanalishi borasida fikr-mulohazalar yuritildi.

Matbuot anjumani so‘ngida sohaga taalluqli OAV vakillarini qiziqtirgan barcha savollarga boshqarma boshlig‘i va tegishli sohaviy xizmat masʼullari tomonidan batafsil javoblar berildi.

Text to speech