Chorva mol o‘g‘irligini o‘ziga kasb qilgan jinoiy guruhning yana bir jinoyati fosh bo‘ldi
Avval xabar berganimizdek, Qorovulbozor tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor hamda tergov harakatlari natijasida ushbu tumanda, shuningdek, viloyatimizning boshqa hududlarida bir nechta chorva mol o‘g‘irliklarini sodir qilgan jinoiy guruh fosh etilgan edi.
Kuni kecha mazkur jinoiy guruhning yana bir jinoyati oshkor bo‘ldi.
Gap shundaki, 2022-yilning 22-noyabrdan 23-noyabrga o‘tar kechasi nomaʼlum shaxslar Qorovulbozor tumani Jarqoq mahallasi hududida joylashgan “Ezgu niyat bog‘i” fermer xo‘jaligi dala yerida boqish uchun bog‘lab qo‘yilgan, jami bahosi 35 mln. so‘mlik 3 bosh otlarni yashirin ravishda talon-toroj qilganlar.
Ushbu jinoyatni ham aynan bir oz oldin qo‘lga olingan jinoiy guruhning 2002-yilda tug‘ilgan I.Yu., 2004-yilda tug‘ilgan T.A., 2004-yilda tug‘ilgan S.N. va 1991-yilda tug‘ilgan U.F.ismli aʼzolari oldindan jinoiy til biriktirib sodir qilinganliklari fosh etildi va jinoyat ishi yuzasidan ashyoviy dalillar hujjatlashtirib olindi.
Hozirgi kunda "chorva mol o‘g‘irligiga ixtisoslashgan" jinoiy guruhning xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan boshqa jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.