Chorva mol o‘g‘riligi bilan shug‘ullangan jinoiy guruhning yana bir jinoyati fosh etildi
2022-yilning 22-noyabr kunidan 23-noyabr kuniga o‘tar kechasi nomaʼlum shaxs, Qorovulbozor tumani Jarqoq mahallasi hududida joylashgan “Art eko” klaster dala yerida boqish uchun bog‘lab qo‘yilgan, 1965-yilda tug‘ilgan S.A.ga tegishli bo‘lgan jami bahosi 20 mln. so‘mlik 2 bosh sigirlarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan nomaʼlum tomonga yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Qorovulbozor tumani IIB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib bir qator tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilgan. Ammo jinoyatni fosh etish imkoni bo‘lmagan.
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning iyul oyida Qorovulbozor tumani IIB xodimlari tomonidan chorva mol o‘g‘irligi bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olingan edi.
Ushbu jinoyatni ham aynan jinoiy guruhning G‘ijduvon tumanida yashovchi 2002-yilda tug‘ilgan I.Yu., 2004-yilda tug‘ilgan T.A., 2004-yilda tug‘ilgan S.N. va 1991-yilda tug‘ilgan U.F. ismli aʼzolari sodir qilgani fosh etildi.
Hozirgi kunda jinoiy guruhning boshqa xuddi shu turdagi sodir etilib fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.