Chorva mol o‘g‘risi 2 yildan so‘ng qo‘lga tushdi
2021 yilning 26 mayidan 27 mayiga o‘tar kechasi nomaʼlum shaxs Kogon tumani Tuniroq mahallasi hududida joylashgan "Alinoz-Shergiron" fermer xo‘jaligi yer maydonida qarovsiz qoldirilgan, tumanning O‘ba Cho‘li mahallasida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan R.A. ga tegishli bir bosh bahosi 6.000.000 so‘mlik sigirini o‘g‘irlab ketgan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bir qator tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilgan. Ammo jinoyatni sodir qilgan shaxs fosh bo‘lmasdan qolgan.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining alohida ko‘rsatmasi asosida o‘tgan yillarda sodir etilib mavhumligicha qolib ketgan jinoyatlarni fosh etish borasida olib borilgan manzilli tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari natijasida ushbu jinoyatni Kogon shahar Bunyodkor mahallasida yashovchi 1984 yilda tug‘ilgan R.I. sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu shaxsning boshqa xuddi shu turdagi ochilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.