13 May 2025 yil 644

Davlat rahbarining PQ-1-sonli Qarori ijrosini taʼminlash borasida kriminogen vaziyati og‘ir hudud sifatida baholangan G‘ijduvon tumanida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlar hamda manzilli ishlar joyiga chiqib o‘rganildi

Rasmiy sahifalarimizda xabar berib borayotganimizdek, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i boshchiligidagi masʼullar bevosita hududlarda bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvar kunidagi "2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi Qarori ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni joyiga chiqib o‘rganmoqda.

Navbatdagi o‘rganishlar ushbu qaror asosida alohida ajratib olingan, kriminogen vaziyati og‘ir deya baholangan G‘ijduvon tumanida amalga oshirildi.

Dastlab, tuman markazidagi mahallalarda masʼullar tomonidan PQ-1-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 801-sonli Qarorlari talablari asosida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlarning natijadorligi, mavjud muammolar hamda yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar birma-bir muhokama qilindi.

Tungi vaqtlarda faoliyat olib borayotgan ko‘ngilochar joylar, kafe, bar, restoran hamda tungi klublarda, shuningdek ko‘cha va jamoat joylari, xususan istirohat bog‘ida jamoat tartibi, fuqarolar xavfsizligi, yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash borasida belgilab berilgan patrullik yo‘nalishlarining xizmat faoliyati ham o‘rganildi.

O‘rganish davomida har bir yo‘nalish bo‘yicha ish samaradorligini yaxshilash, turli huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish borasida mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan chora tadbirlar belgilab olindi.

Yakunda tuman hokimligida tezkor yig‘ilish o‘tkazildi. Bunda joriy yilning 22-29 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida olib borilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi yakunlari yuzasidan o‘tkazilgan yakuniy yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi.

Tanqidiy-tahliliy tarzda o‘tgan yig‘ilishda, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan sohaviy xizmatlar masʼullarining amalga oshirgan ishlari bo‘yicha hisobotlari tinglanib, tumanda joriy yilning bugungi kuniga qadar qayd etilgan huquqbuzarlik hamda jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, omil bo‘lgan shart sharoitlar, jinoyatlarning turlari, sodir etgan shaxslarning toifalari kesimida chuqur tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilab berildi.

Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirining alohida Farmoyishi asosida Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan "Xavfsiz va sog‘lom yurt" hamda “Qoradori-2025” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlari doirasida tumanda amalga oshirilgan ishlar va natijalar ham birma-bir ko‘rib chiqildi.

Yakunda, ish natijalari past bo‘lgan xodimlarga intizomiy choralar qo‘llash, yuqori natijaga erishgan xodimlarni rag‘batlantirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

Shuningdek, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, qonunbuzarliklarni oldini olishga doir profilaktik ogohlantiruv va tushuntirish ishlari ham olib borilib, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan intizom buzish holatlari aniq misollarda ular eʼtiboriga yetkazildi.

O‘rganish va yakuniy yig‘ilish davomida aniqlangan har bir masala hamda muammolarni bartaraf etish yuzasidan masʼul rahbarlarga manzilli topshiriqlar berilib ijrosi alohida nazoratga olindi.

Bu kabi o‘rganishlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham izchillik bilan davom etmoqda.

Text to speech