Diniy mutaassiblik javobgarlikka sabab bo‘ladi!
So‘ngi yillarda ayrim fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlarda muayyan diniy meʼyorlarni o‘z nuqtai nazaridan talqin qilishi, dunyoviy davlat tamoyillari, fuqaroviy hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikka salbiy taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan fikrlarni ilgari surish holatlari uchrab turibdi.
Xususan, joriy yilning 21-24 avgust kunlari Buxoro viloyatida amalga oshirilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida 16 nafar fuqaro Internet tarmog‘i orqali turli diniy mazmundagi materiallarni amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda tarqatish bilan shug‘ullanib kelayotganliklari aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.
Mazkur holatlar bo‘yicha huquqbuzarlarning 10 nafariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184 prim 2 va 184 prim 3-moddalari asosida maʼmuriy javobgarlikka tortilib, 6 nafariga nisbatan rasmiy ogohlantirish eʼlon qilindi.
Qolaversa, ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali jamiyat sifatida O‘zbekiston Konstitutsiyasining 35-moddasida har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqi belgilab qo‘yilgan.
Shunday ekan, turmushda va jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar o‘zlarining diniy va axloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha ko‘rinishda shaxsiy hayotiga aralashishi mumkin emas.
Hurmatli fuqarolar! Jamiyatda qabul qilingan yurish-turish qoidalarini hurmat qilgan holda, milliy qonunchiligimizga itoatkor bo‘lishga chaqiramiz.