Dollar, rossiyski olamiz...
Ilgari ko'pgina bozorlar va valyutafurushlar o'ziga "makon" qilgan joylarda bu so'zlar tez-tez qulog'ingizga chalingan bo'lsa ajab emas. O'tgan davr mobaynida viloyatda noqonuniy ravishda valyuta oldi-sotdisi bilan shug'ullunish holatlariga chek qo'yish, valyuta "qorabozori"ga barham berish borasida huquq-tartibot idoralari tomonidan hamkorlikda bir qator tezkor va profilaktik tadbirlar amalga oshirildi. Birgina 2019 yil davomida O'zbekiston Respublikasi JKning 177-moddasi, ya'ni "valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o'tkazish" bilan bog'liq 51 ta jinoyat aniqlandi. Biroq, "o'rgangan ko'ngil o'rtansa qo'ymas" deganlaridek, shu yo'l orqali daromad topishni o'ziga "kasb" qilgan ayrim shaxslar yana shu harakatlarini davom ettirishadi.
Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari tomonidan fuqaro B.N.ning arizasi yuzasidan 2020 yil 23 yanvar kuni o'tkazilgan tezkor tadbir davomida, G'ijduvon tumanida yashovchi, 1997 yilda tug'ilgan P.U va shu tumanda yashovchi, 1973 yilda tug'ilgan H.R.lar o'zaro oldindan jinoiy til biriktirib, Ko'lijabbor qishlog'ida joylashgan yog'och bozorining kirish darvozasi oldida B.N.ga qonunga xilof ravishda har bir AQSh dollarini 9.550 so'mdan hisoblab, jami 2.500 AQSh dollarini 23.875 ming so'mga ayirboshlagan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan ushbu shaxslarga nisbatan O'zbekiston Respublikasi JKning 177-moddasi 3-qismi "v" bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati