Ekologiya inspektoriga o‘q uzgan brakonerlar ushlandi
Joriy yilning 13-iyul kuni soat 20:00 larda Olot tumani “Ko‘l Chovdir” mahallasida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan O‘.S. ismli shaxs ov qilish qoidalarini qasddan buzib, O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan “Jayron” kiyiklarini ovlash maqsadida ularning suv ichishi uchun mo‘ljallangan irmoq yonida poylab turgan paytida, ekologiya bo‘limi xodimlari tomonidan fosh etilgan. Shunda u masʼul xodimlarga o‘zini oshkor qilmaslik uchun yashirinishga uringan.
Biroq, Qorovulbozor tumani ekologiya bo‘limining 3 nafar xodimlari tomonidan fuqaro O‘.S. ni ushlash choralari ko‘rilib, uning orqasidan quvayotgan vaqtlarida o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan ekologiya xodimi M.Hojiyevning qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatib, o‘ziga tegishli ov miltig‘idan xodimning oyoq ostiga yerga qarata o‘q uzgan. Sochma o‘q bo‘lagi xodimning o‘ng qo‘l bilak sohasiga jarohat yetkazgan.
Yuqorida qayd qilingan holatda fuqaro O‘.S. ning harakatlarida hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish hamda hokimiyat vakili yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish jinoyatlari alomatlari mavjudligi aniqlanib, Qorovulbozor tuman prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan fuqaro O‘.S. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 202 (Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) va 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.