Fuqarolar muammosiga yuzma-yuz yechim: masʼul rahbarlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida joriy yil 16 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi muammolarini o‘rganish va hal etishda yangi, samarali yondashuvlar belgilab berildi. Jumladan, endilikda Xalq qabulxonalari faoliyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hokimlar rahbarlik qilishi, ular ish kunini fuqarolar dardini eshitishdan boshlashi lozimligi taʼkidlangan edi.
Ayni shunga asosan, bugun Xalq qabulxonasida takroran murojaat qilgan fuqarolar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Qabul jarayonida viloyat hokimi bilan bir qatorda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, xususan, ichki ishlar boshqarmasi rahbari ham ishtirok etdi.
Muloqot davomida fuqarolar tomonidan sud-huquq, ishga tiklash, uy-joy muammolari, qurilish masalalari hamda ijtimoiy sohaga oid bir qator dolzarb masalalar ko‘tarildi. Har bir murojaat alohida tartibda ko‘rib chiqilib, tegishli sohalar mutasaddilari ishtirokida huquqiy va amaliy yechimlar belgilandi.
Eng muhimi, har bir murojaat yuzasidan ijro va nazoratga olish mexanizmi ishga tushirildi. Bu esa davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida ishonchli muloqotni yana-da mustahkamlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlashda muhim qadam bo‘ldi.