Fuqarolar diqqatiga, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib olishda ehtiyot bo‘ling!
Buxoro shahar “A.Donish” mahallasida yashovchi 1980-yilda tug‘ilgan A.Sh. ismli shaxs Buxoro shahar “R.Hamroyev” mahallasida yashovchi 1981-yilda tug‘ilgan X.Sh. ismli ayolga o‘zi tomonidan qurilayotgan Buxoro shahar A.G‘ijduvoniy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning bir xonadonini go‘yoki arzon narx, yaʼni 150.000.000 so‘mga sotishga kelishib, 2019-yil 10-iyul kuni o‘zaro shartnoma tuzgan.
Bundan tashqari, u jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2022-yilning 17-yanvar kuni yana shu ayol bilan Buxoro tumani “Zarmanoq” mahallasida joylashgan 5 qavatli uyning 47.6 kv.m. dan iborat xonadonini 193.500.000 so‘mga sotishga kelishib, bu haqda ham shartnoma tuzgan.
“Ustomon quruvchi” xonadonlar uchun kelishilgan pullarni jabrlanuvchidan to‘liq qabul qilib olgan bo‘lsa-da, ushbu xonadonlarni amalda boshqa shaxslarga sotib yuborib, firibgarlik jinoyatini sodir qilgan.
Mazkur holat yuzasidan shahar IIO FMB tomonidan fuqaro A.Sh. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “ustomon quruvchi”ning boshqa yana xuddi shu kabi sodda fuqarolarga nisbatan firibgarlik holatlarini aniqlashga qaratilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.