G‘ijduvon tumani IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbari Azimjon Xoliqov tuman markazidan 22 km olisda joylashgan ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir deb topilgan "Oqrabot" mahallasi aholisi bilan sayyor qabul o‘tkazdi
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan yo‘llangan turli mavzulardagi murojaatlar tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida birma-bir ko‘rib chiqildi. Aksariyat murojaatlar shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi.
Mahallada yashovchi ishsiz fuqarolar uchun mehnat yarmarkasi ham tashkil qilinib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun imtiyozli kredit asosida issiqxona jihozlari, chorva mollari va tikuv mashinkalari keltirildi.
Jumladan, 12 nafar ishsiz xotin-qizlarga imtiyozli kredit asosida tikuv mashinkalari, 6 nafar fuqarolarga 62 ta naslli kichik shoxli chorva mollari taqdim etildi.
Davlat xizmatlari markazi mutaxassislari tomonidan qabul davomida 14 nafar fuqarolarga 50 sotixdan berilgan yerlar evaziga dehqon xo‘jaliklari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, bandligi taʼminlanishiga erishildi.
Shuningdek tibbiy ko‘makka muhtoj 21 nafar xotin-qizlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, bepul dori-darmon bilan taʼminlandi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi tashkil etilib, suyultirilgan gaz balonlari tarqatib berildi.
Hududda elektr taʼminotidagi muammolarini hal qilish maqsadida tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan Amir Temur qishlog‘iga yangi transformator o‘rnatildi.
Sayyor qabul davomida 3-sektor rahbarining tashabbusi bilan 1 guruh nogironlari ahvolidan xabar olinib, nogironlik aravachasi va qo‘ltiq hassa taqdim etildi.