G‘ijduvon tumani “Tinchlik” mahallasida jinoyatchilikning fuqarobay muhokamasi o‘tkazildi
Maʼlumki, bugungi kunda hududlarda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida nizoli oilalarda oilaviy qadriyatlarni tiklash, mavjud nizolarni hal etish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “fuqarobay” tarzida ishlar tashkil etilmoqda.
Xususan, mahallalarni jinoyatdan holi va xavfsiz hududga aylantirish hamda aholi muammolarini manzilli bartaraf etish borasida hududlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlari yana-da kuchaytirilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyatida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyatchilik holati joyida muhokama qilib borilmoqda.
Jumladan, bugun, 2 noyabr kuni jinoyatchilikning navbatdagi “fuqarobay” muhokamasi viloyat boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev boshchiligidagi masʼullar va mahalla mutasaddilari ishtirokida G‘ijduvon tumani “Tinchlik” mahallasida o‘tkazildi.
Mazkur mahallada joriy yilning bugungi kuniga qadar birorta ham jinoyat qayd etilmagan bo‘lib, “yashil mahalla” sirasiga kirgan. Ammo mahalla fuqarolari tomonidan jinoyatlar, ayniqsa og‘ir turdagi (qotillik) jinoyat sodir etilishi mahallada “fuqarobay” tizimning ishlamayotganidan dalolat beradi.
Muhokamada mahalla fuqarosi tomonidan sodir etilgan jinoyatning sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hisobotlari tinglandi.
Mahallada kelgusida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida, “xonadonbay”, “oilabay” va “fuqarobay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi, ayniqsa ishlash yoki boshqa maqsadlarda chet elga chiqib ketgan va chet ellardan qaytib kelgan fuqarolar bilan ishlashning zamonaviy metodlarini qo‘llash, taalluqli idoralar vakillari bilan uzviy hamkorlik qilish yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.