15 Dekabr 2022 yil 691

G‘ijduvon tumanida tabiiy gaz quvurlariga noqonuniy tarzda ulanib foydalanib kelayotgan huquqbuzarlar faoliyatiga chek qo‘yildi.

G‘ijduvon tumanining barcha mahallalarida mavjud ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, kuz-qish mavsumida energiya resurslaridan oqilona foydalanish, tabiiy gaz bosimi va elektr energiyasining bir maromda yetib borishini taʼminlash maqsadida hududiy mutasaddi idoralar masʼullaridan iborat kunu-tun faoliyat olib boruvchi tezkor shtab hamda ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan

Tezkor shtab va ishchi guruh aʼzolari tomonidan tumanda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholini tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi bilan uzluksiz taʼminlash, ko‘mir yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, mavsum davomida elektr energiyasi va tabiiy gaz resurslaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish hamda is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq holatlarni oldini olish borasida tezkor profilaktik hamda targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Tuman miqyosida o‘tkazilgan ana shunday tezkor profilaktik tadbirlar davomida bir nechta tabiiy gaz quvurlariga noqonuniy ulanish, qo‘shimcha gaz so‘ruvchi elektr dvigatellarini o‘rnatish kabi qonunbuzarlik holatlari fosh etildi.

Jumladan, olingan tezkor maʼlumotlar asosida tumanning “Zarangari” hamda “Bo‘lakiyon” mahallalarida yashovchi fuqarolarning yashash xonadonlari ko‘zdan kechirilganda ikki holatda tabiiy gaz quvuriga noqonuniy tarzda gaz so‘ruvchi elektr dvigatelini o‘rnatib foydalanib kelayotgan fuqarolarning huquqbuzarliklari aniqlangan.

Zarangari” mahallasida joylashgan Masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli novvoyxona va ushbu mahallalardagi umumiy ovqatlanish oshxonasida ham shu kabi holat fosh etildi.

Mazkur holatlar bo‘yicha tuman IIB hamda Hududgaz tuman bo‘limi xodimlari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, noqonuniy gaz so‘rg‘ichdan foydalangan fuqarolarga qonunda belgilangan tartibda choralar ko‘rildi.

Shu o‘rinda fuqarolardan tabiiy gaz hamda elektr energiyasi taʼminoti bilan bog‘liq turli qonunbuzarlik holatlarini sodir etmasliklarini, bunday holatlarga duch kelgan taqdirda belgilangan tartibda maʼlum qilishlarini hamda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga o‘z hissalarini qo‘shishlarini so‘rab qolamiz!

Text to speech