17 May 2023 yil 603

Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi 79-sessiyasida IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov joriy yilning o‘tgan 4 oyi mobaynida ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida amalga oshirilayotgan islohotlar va hududlarda sodir etilgan jinoyatlar xususida rasmiy bayonot berdi

Bugun, 17-may kuni Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining 79-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida viloyat sektor rahbarlari, taalluqli idoralar rahbarlari, siyosiy partiyalar vakillari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, jamoat tashkilotlarining rahbar va masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan sessiyada shahar-tumanlar studiyalaridan ham tegishli mutasaddilar qatnashishdi. Sessiyani xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi, viloyat hokimi Botir Zaripov boshqarib bordi.

Sessiya kun tartibidagi "Viloyat ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini taʼminlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishning holati" yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov bayonot berdi.Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, Vazirlar Mahkamasining Qarorlari, idoraviy nomativ hujjatlar asosida viloyat ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘tgan 4 oy mobaynida hududlarda sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilinib, har bir jinoyatni mahallaning o‘zida sektor rahbari va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida taʼsirchan muhokama qilish va kelgusida jinoyatlarni oldini olishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni belgilash borasida so‘z yuritdi.

Profilaktik tadbirlar davomida huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslarga alohida eʼtibor qaratilib, ichki ishlar organlari hamda sog‘liqni saqlash muassasalarining profilaktik hisobida turgan 46 mingdan ortiq alohida eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan shaxslarning har biri bilan manzilli ishlar tashkil etilgani hamda ular bilan suhbatlashish jarayonida aniqlangan ijtimoiy-maishiy muammolarni esa ijobiy hal qilingani natijasida viloyatdagi 544 ta mahallaning 325 tasida jinoyat sodir etilmaganligi taʼkidlab o‘tildi.

Shuningdek, viloyatda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, yangi yo‘l belgilari o‘rnatish va yo‘l chiziqlarini yotqizish natijasida yo‘l harakati ishtirokchilariga qulayliklar yaratish barobarida inson taqdiri, uning hayoti va sog‘ligini asrashda ijobiy natijalarga erishilayotganligi aytib o‘tildi.

Jumladan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda jami sodir etilgan yo‘l transport hodisalari 55 ta qayd etilib, 28 taga yoki 33,7 foizga kamaygan. Shuningdek, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 2 taga hamda tan jarohati bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari soni 26 taga kamaygan.

Sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish borasida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Tegishli soha rahbarlari va mutasaddilar tomonidan ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etishda sustkashliklarga yo‘l qo‘yilganligi natijasida 2023 yilning 4 oyi mobaynida viloyatda jami 1 ming 415 ta jinoyatlar qayd etilib, o‘tgan yilga nisbatan 21 taga yoki 1,5 foizga, shundan jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 68 taga yoki 7,8 foizga ko‘paygan.

Sodir etilgan 1 ming 415 ta jinoyatlarning 702 tasi yoki 49,6 foizi Buxoro shahri, G‘ijduvon va Buxoro tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelib, ushbu hududlarda jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda. Viloyatda qayd etilgan jinoyatlar 100 ming aholi soniga nisbatan o‘rtacha 70 tadan to‘g‘ri kelgan bir vaqtda Qorovulbozor tumanida 231 tadan, Buxoro shahrida 143 tadan, Kogon shahrida 118 tadan, Kogon tumanida 71 tadan to‘g‘ri kelib, viloyat ko‘rsatkichidan salbiy natija qayd etgan.

Mahallalarda olib borilayotgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan qizil toifaga kiritilgan mahallalar soni ortib bormoqda. Joriy aprel oyi holatida qizil toifadagi mahallalar soni 93 tani hamda sariq mahallalar soni 126 tani tashkil etmoqda.

Shuningdek, viloyatda joriy yilning 4 oyi davomida yoshlar, voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar sonining ham oshgani, xususan, yoshlar tomonidan 363 ta jinoyatlar sodir etilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35 taga, voyaga yetmaganlar tomonidan 67 ta jinoyatlar sodir etilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 53 taga hamda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 165 tani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 53 taga ko‘paygani hamda jinoyat sodir etishda ishtirok etgan xotin-qizlar 142 nafarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 nafarga oshgani qayd etildi.

Yakunda sessiya kun tartibidagi masalalar yuzasidan deputatlar va OAV vakillarining savollariga batafsil javoblar berilib, ular tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar inobatga olingan holda xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Text to speech