Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi
Bugun, 20-oktyabr kuni Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining 66-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur sessiya ishida xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, doimiy komissiyalar raislari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, boshqarma va tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas'ullari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Sessiya ishida “Viloyatda yo‘l harakati xavfsizligini borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi to‘g‘risida”gi masala muhokama qilinib, kun tartibidagi masala yuzasidan viloyat IIB YHXB boshlig‘i Anvar Ahmedovning axborot berdi.
Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida joriy yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 taga yoki 10,6 foizga kamaygani hamda olib borilgan ijobiy ishlarga qaramasdan yo‘l-transport hodisalari Jondor (3 taga), Peshko‘ (1 taga), Qorovulbozor (1 taga) tumanlari hamda Buxoro shahrida (4 taga) ko‘payishiga yo‘l qo‘yilgani ta'kidlandi. Yo‘l-transport hodisalarining 52 tasi tezlikni oshirish oqibatida sodir etilganligi aniqlangan. Buxoro shahrida umumiy 68 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan bo‘lib, hodisalarning 9 tasi o‘lim bilan yakunlangani aytib o‘tildi.
Sessiyada sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari tahlillaridan kelib chiqib, harakat xavfsizligini taʼminlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha viloyat maxsus komissiyasining Buxoro shahridagi I.Karimov, M.Iqbol, Namozgoh, Ibn Sino, B.Naqshband hamda Navoiy shoh ko‘chalarida transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligini soatiga 60 km etib belgilash yuzasidan taklifi ko‘rib chiqildi.
Bu borada deputatlarning fikr-mulohazalari eshitildi va maʼqullandi hamda ushbu taklifni tasdiqlash uchun yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasiga taqdim etish belgilandi.