12 Iyul 2022 yil 710

Xalqaro hamkorlik: Polsha IIV Chegara xizmati delegatsiyasi Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi

Polsha Respublikasi IIV Chegara xizmati Bosh komendaturasi chet el fuqarolari bo‘yicha boshqarma direktori, mayor Pavel Xolovenko boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga qilgan amaliy tashrifi doirasida joriy yilning 11-12-iyul kunlari Buxoro viloyatida ham bo‘lishdi.

Mehmonlarni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari podpolkovnik Erkin Safarov boshchiligidagi masʼullar kutib oldi.

Delegatsiya rahbari va aʼzolariga Buxoroda ichki ishlar organlari, ayniqsa migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmalari va ularning quyi tuzilmalarining asosiy vazifalari, sohada amalga oshirilgan islohot va istiqboldagi rejalar haqida so‘zlab berildi.

Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda turizm salohiyatini yana-da rivojlantirish, ayniqsa chet el fuqarolarini Respublikamizga jalb qilishga alohida eʼtibor qaratilib, ushbu sohani izchil rivojlantirishga doir qator imtiyoz va keng qulayliklar yaratilayotgani, shu o‘rinda, “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Farmoni bilan 76 davlat fuqarolari, shu jumladan Polsha fuqarolari ham O‘zbekiston Respublikasiga 30 kun muddatga vizasiz rejim asosida kelib ketishlari belgilangani mazkur islohotlarning yorqin namunasi ekanligi taʼkidlandi.

Shuningdek, mehmonlar viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida bo‘lib, bunda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish faoliyat turlari hamda ish jarayoni va xodimlarga yaratib berilgan xizmat sharoitlari bilan yaqindan tanishishdi.

Bundan tashqari delegatsiya aʼzolari viloyat Ichki ishlar boshqarmasining rahbariyati, viloyat IIB MvaFRB boshlig‘i hamda qator masʼullar ishtirokida chet el fuqarolarini O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi va mamlakatimiz qonunchiliga asosan istiqomat qilishi tartibi, chet el fuqarolariga yaratilgan shart-sharoitlar hamda mazkur yo‘nalishga doir olib borilayotgan ishlar yuzasidan tashkil etilgan uchrashuvda ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Tashrif davomida mehmonlar viloyatning diqqatga sazovor qadimiy manzillari bo‘ylab ham sayohat qildi. Madaniy meros obyektlari hamda ziyoratgohlarda bo‘lib, sharif shaharning ko‘p yillik tarixi va qadimiy jozibasiga yuqori qiziqish bildirib, buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini alohida eʼtirof etdilar.

Tashrif chog‘ida janob Pavel Xolovenko tizim xodimlarining zamonaviy jahon andozalari darajasida jihoz va texnik vositalar bilan taʼminlangani, ular yuqori professional darajada xizmat qilayotganini alohida eʼtirof etdi.

Polsha IIV Chegara xizmati delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davom etmoqda.

Text to speech