Xavfsiz hayot sari: Peshku tumanida "Xavfsiz hudud – dolzarb 30 kunlik" profilaktik tadbirlari amaliy natijasini bermoqda
Buxoro viloyatida joriy yilning 10 iyun kunidan 10 iyul kuniga qadar jinoyatchilikni kamaytirish, jamiyatda osoyishta va xavfsiz muhitni yaratish maqsadida "Xavfsiz hudud – dolzarb 30 kunlik" profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur keng qamrovli chora-tadbirlar viloyat hokimligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi va tegishli mutasaddi tashkilotlar — Prokuratura, IIB, DXX, Milliy Gvardiya, FVB, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Mahalla uyushmasi, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish, Yoshlar ishlari bo‘yicha boshqarmalar, shuningdek, Migratsiya agentligi viloyat filiali hamkorligida tashkil etilmoqda.
Tadbirlar doirasida huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini taʼminlash, aholi o‘rtasida huquqiy ong va madaniyatni oshirish, shuningdek, huquqiy targ‘ibot va profilaktik ogohlantirish tadbirlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Peshku tumanida ham ushbu tashabbus doirasida amalga oshirilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Hududda jinoyatchilik holatlari sezilarli darajada kamaydi, aholining huquqiy savodxonligi va faol fuqarolik pozitsiyasi oshmoqda. Mahallalarda, taʼlim muassasalarida, bozor va jamoat joylarida profilaktik uchrashuvlar, tushuntirish ishlari va huquqiy maslahatlar tashkil etildi.
Dastlab, tuman IIBda qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va jazo muqarrarligini taʼminlash maqsadida ertalab soat 6:00 dan boshlab “Tong” tadbiri eʼlon qilinib, qidiruvda bo‘lgan shaxslar yashirinishi mumkin bo‘lgan manzillar tekshirildi.
“Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam!” shiori ostida piyoda yurish marafoni o‘tkazildi.
Tuman IIB da o‘tkazilgan Yo‘riqnomada ishchi guruh aʼzolariga qo‘shma qaror mazmun mohiyati yetkazilib, kun davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar ko‘lami tushuntirilib, manzilli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Ichki ishlar organlari faxriylari, xodimlar va ularning oila aʼzolari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” hamda taniqli shoir va yozuvchilar bilan davra suhbatlari tashkil etildi.
Probatsiya nazoratida turgan shaxslar bilan sayyor sud majlisi o‘tkazilib, 8 nafar nazorat ostidagi shaxslarni jazodan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish bo‘yicha sudga taqdimnomalar kiritilgan bo‘lsa, 1 nafar jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan shaxsning jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.
“Nazorat” tadbiri doirasida tuman hududida istiqomat qiluvchi muqaddam sudlangan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Tumanda istiqomat qiluvchi 50 dan ortiq ov quroli egalari bilan joyida o‘rganish ishlari olib borilib, qoidani buzgan 10 nafar shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Tuman markaziy bozorida karantin va sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilinishi tekshiruvdan o‘tkazilib, 59 ta savdo do‘kon egalari rasmiy ogohlantirilgan bo‘lsa, bir nafariga maʼmuriy chora ko‘rildi.
Viloyat IIB JXX JTSB Karantin tadbirlarini taʼminlash guruhi xodimlari tomonidan tumanning Degdezon mahallasida yashovchi fuqaroning yashash uyida noqonuniy kushxona borligi aniqlanib, tegishli tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
4 nafar qarovsiz va nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlarga nisbatan “Inson” ijtimoiy markazi tomonidan vasiy va homiy tayinlandi.
VEIHYOKMdan chiqqan 23 nafar voyaga yetmaganlar yashash joyidan o‘rganilib, mahalla yettiligi va hamkor tashkilotlar ishtirokida monitoring qilindi.
Tumandagi “Peshku” oromgohi faoliyati o‘rganilib, oromgohga jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan xodimlar bilan yo‘riqnoma o‘tkazildi.
Bundan tashqari, hokimlik binosida tumanda istiqomat qiluvchi 23 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda tuman hududida istiqomat qiluvchi nizoli oilalar bilan uchrashuv tashkil etilib, ularni har biri bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, huquqiy tushuntirishlar berildi.
Nizoli oilalar bilan olib borilgan tushuntirish targ‘ibot ishlari natijasida 2 ta oilani yarashtirishga erishildi.
Tadbir doirasida profilaktika inspektorlari tomonidan 47 ta holatda huquqbuzarliklar aniqlanib maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Ijtimoiy profilaktika obyekti sifatida ro‘yxatga olingan 144 nafar shaxslarga nisbatan xulosalar berilishi taʼminlanib, 24 ta qo‘shma xulosalar tuzildi.
Maʼmuriy nazorat qonuni taʼsiri ostiga tushuvchi 3 nafar shaxsga nazorat o‘rnatildi.
Tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari bilan hamkorlikda dispanser hisobida turgan ruhiy kasallarning 381 nafari va spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxslarning 108 nafari yashash manzilidan o‘rganilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Jarayonda 1 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxs narkologiya dispranseriga majburiy davolanishga, 2 nafar jinoyat sodir etishga moyil tajovuzkor ruhiy kasallar ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yotqizildi.
Bundan tashqari, tuman hududida istiqomat qiluvchi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan hamda nizoli oilalardagi xotin-qizlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning muammolari yechimiga doir chora tadbirlar belgilanib, huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, yana 7 nafariga Himoya orderi rasmiylashtirib berilib, tushuntirish ta targ‘ibot ishlari natijasida 2 ta oila yarashtirildi.
Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari tomonidan aholi xonadonlari va boshqa obyektlarni qo‘riqlovga olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilib, 3 ta obyekt, 3 ta xonadon qo‘riqlovga olindi.
Bu kabi tadbirlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham tasdiqlangan grafik asosida amalga oshirib kelinmoqda.