18 Iyun 2025 yil 1636

“Xavfsiz hudud – dolzarb 30 kunlik” maxsus profilaktik tadbirlari doirasida viloyatning Qorako‘l tumanida qanday ishlar amalga oshirilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyati hokimligi, Prokuratura, IIB, DXX, Milliy gvardiya, Favqulotda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash, Mahalla uyushmasi, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Yoshlar ishlari boshqarmalari hamda Migratsiya agentligi viloyat filiali bilan birgalikda ishlab chiqilgan “Buxoro viloyati hududida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha hamkorlikdagi profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirish to‘g‘risida” gi Qo‘shma qaror imzolanib, joriy yilning 10 iyun kunidan 10 iyul kuniga qadar bir nechta maxsus, tezkor hamda profilaktik tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Xavfsiz hudud – dolzarb 30 kunlik” tadbirlari olib borilmoqda.

Ushbu tadbirlarning Qorako‘l tumanidagi ijrosini taʼminlash, amalga oshirilayotgan manzilli ishlarning samaradorligini joyiga chiqqan holda o‘rganish hamda amaliy yordam berish maqsadida tuzilgan hamkorlikdagi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan hududiy mutasaddilar bilan birgalikda bir qator manzilli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, tuman huquq tartibot organlari tomonidan qidiruv eʼlon qilingan shaxslarni aniqlash va jazo muqarrarligini taʼminlash maqsadida ertalab soat 06:00 dan boshlab o‘tkazilgan “Tong” tadbiri davomida 1 nafar O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 122-moddasi 1-qismi bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan qidiruv eʼlon qilingan shaxs ushlanib, 4-son Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.

Kundalik amalga oshiriladigan kompleks chora-tadbirlar namunaviy rejasi asosida soat 06:30 dan boshlab “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam!” shiori ostida piyoda yurish marafoni o‘tkazildi.

Shundan so‘ng, tuman hokimligi binosi oldida ishchi guruh aʼzolari bilan Yo‘riqnoma o‘tkazilib, Qo‘shma qaror talablari asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir kunlik manzilli chora-tadbirlar xususida tushunchalar berildi.

Probatsiya nazorati ostida turgan shaxslar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda, ushbu toifa shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishini oldini olish bo‘yicha tushuntirish targ‘ibot ishlari olib borildi va ularning muammolari o‘rganilib, ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.

Jarayonda, 4 nafar o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatgan nazorat ostidagi shaxslarning jazosini muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va 2 nafar jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan nazoratdagilarning jazosini og‘irrog‘iga almashtirish bo‘yicha sudga taqdimnomalar kiritildi.

Ichki ishlar organlari faxriylari, xodimlari va ularning oila aʼzolari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” hamda taniqli shoir va yozuvchilar bilan davra suhbatlari tashkil etildi.

Ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida ijro va xizmat intizomini mustahkamlash maqsadida “Patrul-tekshiruv” guruhlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Aholi murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishida sayyor qabul tashkil etilib, 10 nafar fuqarolarning murojaatlarini ijobiy hal etish choralari ko‘rildi va huquqiy tushuntirishlar berildi.

Nazorat” tadbiri doirasida tuman hududida istiqomat qiluvchi 61 nafar muqaddam sudlangan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

“Dolzarb-90 kunlik” tadbirlari doirasida Qorako‘l tumanidagi otaliqqa olingan tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning muammolari yechimiga doir chora-tadbirlar belgilab olindi.

30 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan hamda tuman hududida istiqomat qiluvchi nizoli oilalardagi xotin-qizlar bilan uchrashuv tashkil etilib, ularning har biri bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, huquqiy tushuntirishlar berildi.

Tuman hududida faoliyat olib boruvchi ov quroliga ega bo‘lgan shaxslar bilan huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, ov qurolini saqlash va undan foydalanish qoidalarini buzgan 6 nafar shaxslarga maʼmuriy chora ko‘rildi.

Tuman Markaziy bozorida karantin va sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilinishi tekshiruvdan o‘tkazilib, 76 ta savdo va go‘sht do‘kon egalari rasmiy ogohlantirildi. Veterinariya-sanitariya qoidalari normalarini buzganligi uchun bir nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Cho‘milish havzalarida voyaga yetmaganlarni cho‘kishini oldini olish maqsadida targ‘ibot ishlari olib borildi.

1 nafar voyaga yetmagan nazoratsiz va qarovsiz yurgan shaxs VEIHYOKMga joylashtirildi.

3 nafar qarovsiz va nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlarga nisbatan “Inson” ijtimoiy Markazi xodimlari tomonidan vasiy va homiy tayinlandi.

2 ta o‘quv markazi va 2 ta xususiy maktablarda o‘quvchilar orasida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borildi.

1 nafar VEIHYOKMda bo‘lib tarbiyalanib chiqqan voyaga yetmagan bolaning turmush sharoiti o‘rganilib, oila aʼzolari bilan tushuntirish ishlari olib borildi.

Profilaktika inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar davomida jami 35 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Ijtimoiy profilaktika obyekti sifatida ro‘yxatga olingan

40 nafar shaxslarga nisbatan xulosalar berilishi taʼminlanib,

66 ta qo‘shma xulosa tuzilishiga erishildi.

Maʼmuriy nazorat qonuni taʼsiri ostiga tushuvchi 1 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy nazorat o‘rnatildi.

1 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxsni majburiy davolanishga joylashtirish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 nafar ruhiy kasal viloyat ruhiy asab kasalliklari shifoxonasiga yotqizildi.

5 nafar tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga nisbatan himoya orderlari rasmiylashtirib berildi va 1 nafar himoya orderi talabini buzgan shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari tomonidan aholi xonadonlari va boshqa obyektlarni qo‘riqlovga olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilib, 7 ta nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalarini qo‘riqlovga olish choralari ko‘rildi.

Tadbir yakunida tuman madaniyat bo‘limi ansambli ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi.

Bu kabi kompleks chora tadbirlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham davom ettirilmoqda.

Text to speech