«Xavfsiz hudud va mulkiy turdagi jinoyatlarni oldini olish oyligi» doirasida G‘ijduvon tumanida ham keng qamrovli profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida mavjud tizimli muammolarni, aholining murojaatlarini hal etish, ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlash orqali mahallalarni ishsizlik va jinoyatdan xoli hududga aylantirish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, shuningdek, tumanni ijtimoiy iqtisodiy jihatdan rivojlantirish borasidagi manzilli ishlarni izchil olib borishga Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i masʼul etib biriktirilgan.
Topshiriq ijrosi yuzasidan viloyat prokuraturasi hamda Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan qo‘shma farmoyishga ko‘ra joriy yilning
4-iyun kunidan boshlab viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i rahbarligida huquq-tartibot organlari hamda
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyasiga aʼzo tashkilotlar masʼullari, keng jamoatchilik bilan hamkorlikda bir qator manzilli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Shuningdek, bugungi kunda butun respublikamiz bo‘ylab eʼlon qilingan "Xavfsiz hudud va mulkiy turdagi jinoyatlarni oldini olish oyligi" doirasida ham migratsiyada yurib qiynalgan fuqarolarni qaytarish va ularni ish bilan taʼminlash, migratsiyada yurgan fuqarolarning oila aʼzolari, sudlarda nizolashayotgan yoki nizoli oila sifatida profilaktik hisobga olingan oilalar bilan manzilli ishlash, mahallalarni obodonlashtirish va raqamlashtirish, zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash va hududiy ichki ishlar organlariga integratsiya qilish masalalariga alohidae ʼtibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari jinoyatlarni keltirib chiqarish xavfi yuqori bo‘lgan 2 843 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlanib, ushbu huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoning muqarrarligini taʼminlandi, jarayonda 97 ta huquqbuzarlarga nisbatan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlanishiga erishildi.
22 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan va 29 nafar ruhiy kasallikka chalingan shaxslar aniqlanib sog‘liqni saqlash muassasalarga joylashtirildi.
Profilaktik hisobda turgan 3 345 nafar muqaddam sudlangan shaxslarning 2 693 nafari bilan yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, maʼmuriy nazorat qonuni taʼsiri ostiga tushuvchi 101 nafar shaxslardan 34 nafariga nisbatan maʼmuriy nazorat o‘rnatildi.
Voyaga yetmagan farzandlarini tungi vaqtlarda ko‘ngilochar maskanlarda nazoratsiz bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan shaxslar bilan ham profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.
Firibgarlik, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish va yo‘l transport hodisalari, kiberjinoyatchilik, terrorizm va axloqqa oid jinoyatlarni oldini olishga doir targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, bukletlar tarqatildi.
Bank plastik kartasiga ega fuqarolarning ro‘yxatlari shakllantirilib, masʼul rahbarlar boshchiligida individual targ‘ibot o‘tkazish shakllaridan foydalanilmoqda.
O‘tkazilgan keng qamrovli profilaktik tadbirlar davomida 232 ta ajrim yoqasidagi va 254 ta nizoli oilalar bilan “Buxoro tajribasi” asosida tuman hokimi boshchiligidagi mutasaddi rahbarlar tomonidan manzilli profilaktik tadbirlar olib borilib, 126 nafar tazyiqqa uchragan ayollarning 85 nafariga himoya orderlari rasmiylashtirilib, himoya orderi qoidalariga rioya etmagan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi taʼminlanmoqda.
Sodir etilayotgan yoki tayyorlanayotgan jinoyatlarni aniqlash, mavhum holatda sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, sud va tergov organlaridan yashirinib yurgan qidiruvdagi shaxslarni ushlash, bedarak yo‘qolgan shaxslarni aniqlash tadbirlari ham izchil davom etmoqda.
G‘ijduvon tumanining 75 ta mahallalarini zamonaviy video kuzatuv moslamalari bilan jihozlash masalalari ham uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.
Natijada bugungi kunda G‘ijduvon tumanida jinoyatchilikning, ayniqsa oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning sezilarli darajada kamayishiga erishildi.
Bu kabi keng qamrovli tezkor hamda profilaktik tadbirlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham amalga oshirilmoqda.