"Xavfsiz va sog‘lom yurt" tezkor-profilaktik tadbirlarining dastlabki natijalari tanqidiy muhokama qilindi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining farmoyishi asosida 2025-yil 15-iyul sanasidan 15-avgust kuniga qadar o‘tkazilayotgan "Xavfsiz va sog‘lom yurt" keng qamrovli maxsus, tezkor va profilaktik tadbirining dastlabki natijalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida har bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan masʼul rahbarlarning hisobotlari tinglandi va ular faoliyatiga tanqidiy baho berildi.
Shuningdek, viloyat hududida 2025-yil boshidan shu kunga qadar sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilindi. Jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlarning samarasi va taʼsirchanligini oshirish, aholining huquqiy ongini yuksaltirish hamda fuqarolar bilan “mahallabay” ishlash tizimini samarali tashkil etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda Prezidentning 2025-yil 3-yanvardagi PQ–1-son qarori ijrosi doirasida joylarda olib borilayotgan ishlar ham atroflicha muhokama qilinib, aniq vazifalar belgilab olindi.
Shu bilan birga, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat va ijro intizomi, qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlash, ichki tartib-qoidalarga amal qilish, xizmat intizomini mustahkamlash masalalari alohida ko‘rib chiqildi.
Kadrlar siyosati masalalari ham yig‘ilishning dolzarb mavzularidan biri bo‘ldi. Xususan, kadrlarni to‘g‘ri tanlash, ularni joy-joyiga qo‘yish, bo‘sh ish o‘rinlarini munosib va malakali nomzodlar bilan jamlash yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Yig‘ilish yakunida Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan tezkor-profilaktik tadbirlarning keyingi bosqichlarini samarali tashkil etish, jinoyatchilikning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda tizimli yondashuvni taʼminlash yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.