Haydovchilik guvohnomasi olib berishni vaʼda qilgan yana bir firibgar qo‘lga tushdi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda boshqa huquq-tartibot organlari xodimlarining hamkorlikdagi tezkor tadbiri davomida Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi “Jahon-Ziyo trans” nodavlat taʼlim muassasasi avto maktabi kotibasi Navoiy viloyati Qizitepa tumani “Qasriashurak” mahallasida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan E.G. ismli ayol, fuqaro L.T. ni “B” toifali haydovchilik guvohnomasi olib berish va guvohnoma olish uchun bo‘ladigan imtihondan vakolatli tanishlari orqali o‘tkazish uchun pora berishga dalolat qilib, firibgarlik yo‘li bilan 700 AQSH dollari talab qilib, 2023-yil 5-iyun kuni soat 10:50 larda Buxoro shahar B.Naqshband ko‘chasida kelishilgan pullarni olgan vaqtida, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan E.G. ismli ayolga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda uning yana necha fuqarolarga nisbatan xuddi shu turdagi jinoyatlarni sodir qilganligini aniqlashga qaratilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.