Xonadonda sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyati kriminalistik tadqiqot natijasida fosh etildi
2024 yil 9 yanvaridan 10 yanvariga o‘tar kechasi nomaʼlum shaxs, Romitan tumani Bog‘cha mahallasida yashovchi, 1971 yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadoniga uyining ko‘cha tomon yotoqxona derazasi orqali g‘ayriqonuniy ravishda kirib, kiyim jovoni tokchasidagi 1 dona bahosi 5 mln. so‘mlik ayollar tilla uzugini, 2 dona har birining bahosi 1 mln. 500 ming so‘mlik ayollar tilla uzugini va 1 juft bahosi 2 mln. 500 ming so‘mlik ayollar tilla ziragini o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK. ning 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish tergov harakatlari davomida olingan qo‘l barmoq izlari ustida olib borilgan daktiloskopik kriminalistik tadqiqotlar hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Ekspert kriminalistika markazida mavjud “Shaxsni biometrik identifikatsiya qilish” tizimi orqali o‘tkazilgan tekshiruv natijasida, voqea joyidan olingan barmoq izlari orasida Romitan tumani Ibn Sino mahallasida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan shaxs tomonidan qoldirilgan izlar ham borligi aniqlangan.
Mazkur gumondorning shaxsiga oydinlik kiritilib, olib borilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida uning aybi o‘z tasdig‘ini topgan.
Hozirgi kunda ushbu gumonlanuvchi shaxsning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.