5 Sentyabr 2023 yil 878

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Buxoro davlat universiteti talabalari bilan “Huquqiy targ‘ibot” uchrashuvini o‘tkazdi

Bugun, 5 avgust kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov Buxoro davlat universiteti talabalari bilan uchrashdi.

Unda talaba-yoshlar o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish mavzusida suhbat olib borilib, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tubdan takomillashtirish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani to‘g‘risida maʼlumotlar berildi.

Yoshlar orasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatlarni oldini olishda uchrashuvda o‘tirgan talaba qiz va yigitlarning o‘rni muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlanib, mahalladagi, yon-atrofdagi tengdoshlarini ana shu illatlarga yaqinlashmasligi uchun ularga maʼnaviy ko‘makchi bo‘lish lozimligi tushuntirildi.

Boshqarma boshlig‘i o‘z so‘zida talabalarga o‘quv jarayoni davomida o‘z salohiyatini namoyon qilishi, o‘zini yana-da yaxshiroq anglashi, o‘qish va hayotda to‘g‘ri qaror qabul qilish va tanlashni o‘rganishi, har bir qadami va harakatlarining oqibatlarini anglashi, hayotda o‘z qiziqishlarini topishga ko‘mak berish maqsadida universitet hamda huquq tartibot idoralari hamkorligi yo‘lga qo‘yilganligini, o‘qishdan bo‘sh vaqtida talabalar foydali mehnat yoki mashg‘ulot bilan shug‘ullanishlari kerakligini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, yoshlarning nazoratsizligi, qarovsizligi oqibatida ular tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy hatti-harakatlar to‘g‘risida misollar keltirilib, jinoyat va huquqbuzarliklarning huquqiy oqibatlari tushuntirildi.

Bundan tashqari, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish respublikamizda davlat siyosatining ustuvor masalasi sifatida qaralayotgani, jamiyatda bu illatni batamom tugatish uchun fuqarolarning huquqiy ongini yuksaltirish, korrupsiyaga qarshi kurash har bir fuqaroning muqaddas burchi bo‘lishi lozimligi, bu sohadagi kurashda talaba-yoshlarning o‘zi ham faol bo‘lishi katta ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlandi.

Uchrashuv so‘nggida talaba-yoshlar mavzular yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga tegishli javoblar oldilar.

Text to speech