Ichki ishlar organlarida yaqindagina o‘z faoliyatini boshlagan Voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2025-yil 18-martdagi PQ–110-son qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hududiy boshqarma va bo‘limlari tarkibidagi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog lavozimlari Ichki ishlar organlariga o‘tkazildi.
Bugun, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i viloyatning hududiy ichki ishlar organlarida yaqindagina o‘z faoliyatini boshlab, takomillashtirish jarayoni olib borilayotgan ushbu tizim vakillari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ochiq muloqot o‘tkazdi.
Ochiq va konstruktiv ruhda kechgan uchrashuvda dastlab, inspektor-psixologlarning faoliyati tahliliy muhokama qilinib, voyaga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning asl sabablari, ularning vujudga kelish omillari monitoring qilindi.
Yangi qabul qilingan qaror bilan viloyatda umumiy va kasbiy taʼlim muassasalarida o‘quvchilar bilan “Maktab – mahalla – oila” tamoyili asosida ishlash tizimini joriy etish, o‘quvchilar o‘rtasida qonunbuzilishi va boshqa ko‘rinishdagi hulqiy og‘ishishlarga, ijtimoiy tarmoqning zararli kontentlariga, ommaviy madaniyat va yod g‘oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash, profilaktik-psixologik ishlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish orqali Vatanga sadoqat, qonunlarga hurmat hissini shakllantirish, maktablarda davomat tadbirlarini manzilli o‘tkazish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, fan va kasbiy to‘garaklarga yo‘naltirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, darsdan keyingi inspektor-psixolog, Qo‘riqlash bo‘limi xodimi va profilaktika inspektori mahalla “yettiligi”, Bolalar Ombudsmani bilan hamkorlikda xonadonma-xonadon yurish asosida tarbiyasida salbiy o‘zgarish bo‘layotgan bolalarni aniqlab, oilalari bilan manzilli ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish, umumiy va kasbiy taʼlim muassasalarini o‘quvchilarining oxirgi uch yil davomida sodir qilgan jinoiy qilmishlariga qarab “Qizil”, “Sariq” va “Yashil” toifalarga ajratgan holda alohida yo‘l xaritasi asosida manzilli ishlash, uzoq muddatda xorijda yurgan voyaga yetmaganlarni yashash manzillariga qaytarish, taʼlim muassasalarining ichki va atrofida xavfsizlikni to‘liq taʼminlash, muassasalarning kirish chiqish joylari, ochiq sport maydonlari, yuqori sinf xonalarini intellektual videokuzatuv kameralari bilan jihozlash yuzasidan ham tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, inspektor-psixologlarning mehnat va turmush sharoitlari yuzasidan mavjud muammolari ham o‘rganilib, ularga yechim topish yuzasidan tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlariga zaruriy topshiriqlar ham berildi.
Yakunda, xodimlarga xizmat va ijro intizomiga hamda qonunchilikka qatʼiyan rioya qilish, fuqarolar bilan xushmuomalada bo‘lish, xizmat vazifasini bajarishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, xizmatga taalluqli bo‘lmagan ishlarga aralashmaslik, o‘z kasbiga sidqidildan yondashish, yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirish, ularning zamonaviy bilim olishi uchun yaratilgan barcha imkoniyatlardan unumli foydalanishlari uchun sharoit yaratish, ularni vatanparvarlik va ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora tadbirlar belgilab olindi.