Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzaraximov Buxoro viloyatida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi
Xizmat safari bilan Buxoro viloyatida bo‘lib turgan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzaraximov o‘rganishlarning birinchi kunida viloyat 3 sektor hududiga kiruvchi G‘ijduvon hamda Shofirkon tumanlarida bo‘ldi.
O‘rganishlar davomida shahar va tumanlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillar birma bir tahlil qilindi.
Vazir o‘rinbosari jinoyatchilik salmog‘i oshgan G‘ijduvon tumanining “Sharq” va "Pomo‘za", Shofirkon tumaning "Qalmakon" mahallalarida bo‘lib, “beshlik” vakillarining hamkorlikda jinoyatchilikni oldini olish borasida olib borgan ishlari bilan tanishdi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari mahallalarning kriminogen vaziyatiga taʼsir qilayotgan omillar, shuningdek, kompleks yondashuv asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, salmog‘i yuqori bo‘lgan jinoyatlarni oldini olishning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda maxsus kontingent bilan ishlash kerakligi borasida alohida topshiriqlar berdi.
Shuningdek vazir o‘rinbosari Shofirkon tumani ichki ishlar bo‘limiga tashrif buyurdi.
Hududiy ichki ishlar organida bo‘lgan vazir o‘rinbosari avvalo, maʼmuriy binoda xodimlar va aholiga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, mavjud muammolarga eʼtibor qaratdi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzaraximov Buxoro viloyati transportda jamoat tartibini saqlash boshqarmasi faoliyatini ham o‘rgandi.
Vazir o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruhning bu kabi o‘rganishlari Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.