1 Fevral 2024 yil 1071

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzaraximov Buxoro viloyatida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Buxoro viloyatining shahar va tumanlarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillarni birma-bir tahlil qilish maqsadida hududiy ichki ishlar organiga ham tashrif buyurdi.

Jondor tumani Ichki ishlar bo‘limida bo‘lgan vazir o‘rinbosari avvalo, maʼmuriy binoda xodimlar va aholiga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, mavjud muammolarga alohida eʼtibor qaratdi.

Vazir o‘rinbosari IIB binosida bo‘lgan o‘rganishlarda tezkor-tergov guruhiga jalb etilgan xodimlar bilan birma-bir suhbatlashib, ichki ishlar bo‘limlari Navbatchilik qismiga kelib tushgan har bir murojaat yuzasidan o‘z vaqtida hodisa sodir bo‘lgan joyga yetib borish, fuqarolarning murojaatlarini to‘liqligicha o‘rganib, tegishli tergovga qadar tekshiruv harakatlarini sifatli amalga oshirishlari yuzasidan ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Ushbu jarayonda fuqarolarning bo‘limga olib kelinishi, surishtiruv va tergov xonalarining zaruriy texnik va videokuzatuv moslamalari bilan jihozlanganligi, surishtiruv jarayonlari va tezkor-tergov guruhiga jalb etilgan xodimlar bilan xizmat vazifalari yuzasidan savol javoblar o‘tkazildi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzaraximov o‘rganishlari doirasida Jondor tumanining “Nurafshon” mahallasida bo‘lib, “yettilik” vakillarining hamkorlikda jinoyatchilikni oldini olish borasida olib borgan ishlari bilan tanishdi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari mahallaning kriminogen vaziyatiga taʼsir qilayotgan omillar, shuningdek, kompleks yondashuv asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, salmog‘i yuqori bo‘lgan jinoyatlarni oldini olishning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda maxsus kontingent bilan ishlash kerakligi borasida alohida topshiriqlar berdi.

Shuningdek vazir o‘rinbosari ushbu mahalla joylashgan "Zarafshon sport majmuasi" hamda Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga qarashli Sport sog‘lomlashtirish markazida tuman aholisi ayniqsa yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining Buxoro viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda.

Text to speech