2 Fevral 2024 yil 1096

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzaraximov Olot tumanidagi mahallalarda jinoyatchilikni oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi hamda Olot bekatida XTB bo‘linmasi xodimlari bilan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar yuzasidan yo‘riqnoma o‘tkazdi

Xabaringiz bor, ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzaraximov Buxoro viloyatida xizmat safari bilan bo‘lib, shahar va tumanlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillarni birma-bir tahlil qilib, bu borada kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab bermoqda.

Olot tumanida bo‘lgan o‘rganishlarda dastlab, tuman IIB faoliyati bilan tanishildi.

Bunda, bugungi kunning eng ustuvor masalalaridan biri hisoblanmish hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalarni jinoyatdan holi “yashil” hududlarga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlar suratini oshirish borasida tuman sektor rahbarlari, tegishli masʼullarga manzillari aniq topshiriqlar berildi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzaraximov Olot tumanining «Arabxona» mahallasida bo‘ldi.

Ushbu mahallada bugungi kunda 2063 nafar aholi istiqomat qiladi. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari mahalladagi faollar, nuroniylar, “yettilik” vakillari bilan bo‘lgan suhbatda hudud aholisini o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topish, ularni ish bilan taʼminlash, tadbirkorlikka, hunarmandchilikka yo‘naltirish kerakligini aytib, pirovardida jinoyatchilikni oldini olish zarurligi borasida o‘z tavsiyalarini berdi.

Mahallaning kriminogen vaziyatiga taʼsir qilayotgan omillar, shuningdek, kompleks yondashuv asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, “Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan qo‘shma Qaror ijrosi bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni tezkor va samarali hal etish choralarini ko‘rish, tez fursatlarda ushbu mahallani “yashil” hududga aylantirish zarurligi borasida ham tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Buxoro viloyati Transportda XTB “Olot” bekatida XTB xodimlar bilan uchrashdi.

Bunda, 2024 yil uchun mo‘ljallangan bir qator manzilli chora-tadbirlarni jadallashtirish, xususan temir yo‘l transportida yo‘lovchi fuqarolar va tashilayotgan yuk vagonlarining xavfsizligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, xodimlar o‘rtasida xizmat va ijro intizomi, qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishlari, xodimlarning xizmat faoliyati ustidan kunlik nazoratni kuchaytirish, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bir qator vazifalar berdi.

Text to speech