Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor B.Yu.Mirzaraximov Buxoro viloyatida o‘rganish ishlarini olib bormoqda
Xizmat safari bilan Buxoro viloyatida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor B.Yu.Mirzaraximov dastlab, Ichki ishlar boshqarmasi Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi.
Vazir o‘rinbosari viloyatning bevosita turizm namoyishi obyektlari va infratuzilmasi hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlarni birma-bir tahlil qildi.
Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan kelib chiqib, turizm namoyishi obyektlari va infratuzilmasi hududlarida kriminogen vaziyatni tizimli tahlil qilish, mahalliy va xorijiy sayyohlarga nisbatan sodir etiladigan huquqbuzarliklar sabablari va sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor B.Yu.Mirzaraximov Buxoro viloyati transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Bunda, 2024 yil uchun mo‘ljallangan bir qator manzilli chora-tadbirlarni jadallashtirish, xususan fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, xodimlar o‘rtasida xizmat va ijro intizomi, qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishlari, xodimlarning xizmat faoliyati ustidan kunlik nazoratni kuchaytirish, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yo‘riqnomalar berildi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzaraximovning Buxoro viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda.