Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kursini tamomlab kelgan buxorolik kursantlar “Halollik qasamyodini” qabul qilishdi
Buxoro viloyatining Olot, Qorako‘l, Jondor tumanlari ichki ishlar bo‘limlaridagi mavjud bo‘sh bo‘lgan profilaktika inspektori lavozimlariga Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kursini tamomlab kelgan kursantlar bilan jamlandi.
Yosh xodimlar va ularning ota onalari bilan bo‘lgan uchrashuvda xodimlarga xizmatga kirishishdan oldin ularga biriktirilgan murabbiylar, bevosita rahbarlari, xizmat olib borishlari uchun biriktirilgan hududlarining mahalla “yettiligi” tanishtirildi.
Uchrashuvda xodimlarning xizmat faoliyati davomida uchrab turadigan turli xil ziddiyatli vaziyatlarda o‘zini tutishi, xizmat intizomi to‘g‘risida tushunchalar berildi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Akbar Yusupov tomonidan murabbiylar va yosh xodimlarga ustoz-shogird anʼanalari asosida ish olib borishlari, yosh xodimlarning ota-onalariga esa ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati hamda xodimlarga beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida maʼlumotlar berib o‘tildi.
Shuningdek, xodimlarga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining farmoyishi asosida eʼlon qilingan "Ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish dolzarb 10 kunligi" doirasida xizmat intizomi va qonun talablariga rioya qilish, tamagirlik, poraxo‘rlik kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirishlar ham berib o‘tildi.
Yosh xodimlar xizmat faoliyatiga kirishishdan oldin “Halollik qasamyodini” qabul qilib, ularning kelgusidagi faoliyatiga omadlar tilandi.