Ichki ishlar vazirligi masʼullari boshchiligida Buxoro viloyatida hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari uchun axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni oldini olish masalalariga bag‘ishlangan amaliy o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi
Mazkur tadbir axborot xavfsizligini taʼminlash, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi tashkiliy va profilaktik choralarni takomillashtirish, sohada xizmat olib borayotgan rahbar kadrlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida tashkil etildi.
O‘quv mashg‘uloti doirasida ichki ishlar organlarining hududiy rahbarlariga:
-axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida amalga oshirilayotgan jinoyatlarning turlari va ularning tahlili;
-zamonaviy kiberfiribgarlik usullari va ularga qarshi kurashish yo‘llari;
-elektron to‘lov vositalari orqali amalga oshiriladigan jinoyatlarni aniqlash va oldini olish metodlari;
-maʼlumotlar bazalarining himoyasi, axborot tizimlari orqali sodir etiladigan huquqbuzarliklarni aniqlash usullari haqida amaliy maʼlumotlar va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, tadbirda ishtirokchilarga ichki ishlar organlari faoliyatida axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, jamoat xavfsizligi, kuzatuv kameralari va intellektual tizimlar orqali kiberjinoyatlarga qarshi samarali monitoring o‘rnatish bo‘yicha yangi yondashuvlar tanishtirildi.
Taʼkidlash joizki, bu kabi mashg‘ulotlar ichki ishlar organlari xodimlarining zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda tayyorgarlik darajasini oshirish, axborot maydonida yuzaga kelayotgan xavf-xatarlarni oldindan bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.