Ichki ishlar vazirligi homiyligiga berilgan Buxoro shahridagi 24-sonli ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatining yangi binosi foydalanishga topshirildi
Buxoro shahridagi 24-sonli ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati dastlab, 1953-yilda to‘liqsiz o‘rta maʼlumot beruvchi maktab-internati sifatida tashkil qilingan. Maktab ish boshlagan birinchi o‘quv yilida 7 nafar o‘quvchi tahsil olgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, ularning soni 287 nafarga yetdi.
Joriy yilda davlat dasturi doirasida mazkur taʼlim muassasasi uchun 324 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilib, 150 o‘rinli oshxona va 200 o‘rinli yotoqxona kapital rekonstruksiya qilindi. Ushbu loyiha uchun 13 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Endilikda Nurli maskan zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lish bilan bir qatorda har tomonlama qulay shart-sharoitlarga ega bo‘ldi. Shuningdek, taʼlim muassasasida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tashabbusi bilan ko‘zi ojiz bolalar uchun mo‘ljallangan yo‘l harakati xavfsizligi maydonchasi qurib berildi.
Bugun, 15 dekabr kuni ushbu muassasa tashkil etilganligining 70 yilligi hamda yangi binoning ochilish marosimi o‘tkazildi.
Tantanali tadbirda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari, Buxoro viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi masʼullari, taʼlim dargohi o‘qituvchilari va o‘quvchilari, hamda mehnat faxriylari ishtirok etdilar.
Unda so‘zga chiqqanlar bugun yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiliklarida sog‘lom bolalar qatorida, imkoniyati cheklangan bolalarning ham sifatli taʼlim olishlari va ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlariga yordam berish, qo‘llab-quvvatlash, g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga eʼtibor qaratilayotganini alohida taʼkidlashdi.
Shundan so‘ng, yangi binoda o‘quvchilarning taʼlim tarbiya olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
O‘quvchilar tomonidan ijro etilgan vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.