2 Sentyabr 2025 yil 108

Ichki ishlar vazirligiga biriktirilgan Buxoro shahridagi 32-sonli umumtaʼlim maktabida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan "Bilimlar kuni" tadbiri o‘tkazildi

Yangi 2025–2026 o‘quv yilini o‘ziga xos tantanalar bilan qarshi olgan Buxoro shahridagi 32-sonli umumtaʼlim maktabida "Bilimlar kuni" munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir har jihatdan katta ahamiyat kasb etdi. Tadbir davlat va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadigan taʼlim sohasiga bo‘lgan eʼtiborning amaldagi ifodasi, yosh avlodga bo‘lgan g‘amxo‘rlik va eʼtibor namunasi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining topshirig‘iga binoan umumiy o‘rta taʼlim maktablariga tashkiliy va tarbiyaviy-metodik jihatdan manzilli ko‘maklashish ishlari doirasida 32-sonli umumtaʼlim maktabi Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga biriktirilgan edi. Ushbu hamkorlik nafaqat taʼlim sifatini oshirish, balki yoshlar tarbiyasida maʼnaviy-maʼrifiy muhitni kuchaytirishda ham muhim omilga aylanmoqda.

"Bilimlar kuni" munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda Ichki ishlar vazirligi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi masʼullari, shahar hokimligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi mutasaddilari, maktab pedagoglari, o‘quvchilar va ularning ota-onalari faol ishtirok etdilar.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar taʼlim sohasini yana-da takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarning intellektual va maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish maqsadida yaratilayotgan shart-sharoitlar, ayniqsa, zamonaviy taʼlim muassasalarining barpo etilayotgani haqida to‘xtalib o‘tdilar.

Tadbirning eng taʼsirli lahzalaridan biri bu maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan 1-sinf o‘quvchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘alari topshirilgan onlar bo‘ldi. Bu kabi eʼtibor va rag‘batlantirish choralari orqali bolalarda taʼlimga nisbatan qiziqish uyg‘otiladi, ularda Vatanga muhabbat va fidoyilik ruhi shakllanadi.

Tadbir doirasida o‘quvchilar tomonidan ijro etilgan Vatan, bilim va kelajak mavzularidagi sheʼrlar, kuy va qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat ulashdi. Ushbu chiqishlar yosh avlodning salohiyati, maʼnaviy yetukligi va dunyoqarashining kengayib borayotganidan dalolat berdi.

Tantanadan so‘ng masʼullar va maktab pedagoglari ishtirokida barcha sinflarda “Mustaqillik darslari” o‘tkazildi. Ushbu maxsus maʼrifiy darslarda O‘zbekiston mustaqilligining tarixiy ahamiyati, unga erishish yo‘lida xalqimiz tomonidan qo‘yilgan saʼy-harakatlar, shuningdek, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar haqida atroflicha maʼlumotlar berildi. Bu darslar o‘quvchilarning Vatan tuyg‘usi, tarixiy xotira va faxr tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Har bir yangi o‘quv yili – yangi maqsadlar, yangi intilishlar va yangi imkoniyatlar davri. Taʼlim muassasalari bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi bunday samarali hamkorlik, shubhasiz, yosh avlod tarbiyasida, ularni maʼrifat va Vatanparvarlik ruhida kamol toptirishda muhim o‘rin tutadi.

Buxoro shahridagi 32-sonli umumtaʼlim maktabida bo‘lib o‘tgan "Bilimlar kuni" tadbiri buning yorqin isbotidir. Yoshlar taʼlimu-tarbiyasi yo‘lidagi bunday ezgu amallar, albatta, yurtimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlodning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Text to speech