Ichki ishlar vazirligiga biriktirilgan Buxoro shahridagi 32-sonli umumtaʼlim maktabida o‘rganish ishlari olib borildi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining 2025-yil 31-mart kunidagi tegishli Farmoyishiga asosan umumiy o‘rta taʼlim maktablariga tashkiliy va tarbiya-metodik jihatdan manzilli ko‘maklashish maqsadida ishchi guruhi tarkibi tasdiqlangan edi.
Mazkur ishchi guruh vakillari hududlarda belgilangan chora-tadbirlarni sifatli tashkil etilishini hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va Kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshliqlari masʼul etib belgilanganligi bois ularga amaliy yordam ko‘rsatish nazarda tutilgan.
Buxoro viloyatiga biriktirilgan vazirlik ishchi guruhi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mutasaddilari boshchiligida bugungi kunda Buxoro shahridagi 32-sonli umumtaʼlim maktabida taʼlim sifatini yaxshilash, o‘quvchilarning bilim olishlari uchun yetarli sharoitlarni yaratish hamda ularni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida keng ko‘lamli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Mazkur ishlarning surʼati bilan tanishish maqsadida taʼlim muassasasida bo‘lgan boshqarma boshlig‘i maktabning maʼmuriy binosi, o‘quv xonalari, infratuzilmasini birma-bir ko‘zdan kechirdi.
Dars jarayonlari o‘rganilib, maktab masʼullari hamda o‘quvchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi, yaqindan va samimiy o‘tgan suhbat chog‘ida o‘quvchilarning kelgusidagi rejalari tinglandi.
Ko‘zdan kechirish jarayonida farmoyish talablari asosida bajarilishi lozim bo‘lgan ko‘lamli ishlar, aniqlangan kamchilliklar va muammolarni bartaraf etish yuzasidan masʼullarga zaruriy ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.