15 Iyul 2023 yil 467

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov tomonidan Buxoro shahar “Toshmasjid” mahallasida jinoyatchilikning fuqarobay muhokamasi o‘tkazildi

Maʼlumki, bugungi kunda “Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risida”gi 10-son qo‘shma Qarordan kelib chiqqan holda “fuqarobay” ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, mahallalarni jinoyatdan holi va xavfsiz hududga aylantirish hamda aholi muammolarini manzilli bartaraf etish borasida hududlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida mahallada faoliyat olib boruvchi beshlik imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyatida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyatchilik holati joyida muhokama qilib borilmoqda.

Jumladan, bugun, 14 iyul kuni jinoyatchilikning navbatdagi “fuqarobay” muhokamasi boshqarma boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov tomonidan shahar hokimi boshchiligidagi masʼul sohaviy xizmatlar rahbarlari va mahalla mutasaddilari ishtirokida Buxoro shahri “Toshmasjid” mahallasida o‘tkazildi.

Mazkur mahallada o‘tgan hisobot yili hamda joriy yilning shu davriga qadar birorta ham jinoyat sodir etilmagan bo‘lib, ushbu hudud “yashil toifa” sirasiga kirgan.

Ammo, kuni-kecha mazkur mahallada ikki tanish fuqaroning spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holatda o‘zaro janjallashib qolishi natijasida mudhish qotillik jinoyatining sodir etilishi, mahalla kriminogen vaziyatining salbiy tomonga o‘zgarishiga olib keldi.

Gap shundaki, 2023-yilning 10-iyul kuni soat taxminan 18:20 larda Buxoro shahar A.Temur mahallasida yashovchi, 1977-yilda tug‘ilgan Sh.T. Buxoro shahar Toshmasjid mahallasidagi bog‘-hovlida tanishi Buxoro shahar Piridastgir mahallasida yashagan, 1968-yilda tug‘ilgan R.R. bilan spirtli ichimlik ichgan mast holatda o‘zaro janjallashib qolishi natijasida, yonida bo‘lgan yog‘och dastali xo‘jalik pichog‘i bilan R.R. ning hayoti uchun muhim bo‘lgan o‘ng tomon qo‘ltiqosti, chap ko‘krak va ko‘krak markaziga uch marotaba urib, qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir qilgan.

Mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan Sh.T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchiga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Muhokamada mahalla hududida sodir etilgan mazkur jinoyatning sabablari va uning kelib chiqishiga imkon bergan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ushbu “Toshmasjid”, “A.Temur” va “Piridastgir” mahallalarining beshlik vakillari ayniqsa profilaktika inspektorlarining hisobotlari tinglandi.

Jinoyatning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillarni oldini olish choralarini ko‘rmagan ushbu mahallalar mutasaddilariga nisbatan keskin taʼsir choralarini qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilinib, kelgusida qo‘shma qaror asosida ushbu mahallalar beshlik vakillarining hamkorlikdagi vazifalari, jinoyatchilikni barvaqt oldini olishga doir  “xonadonbay”, “oilabay” va “fuqarobay”  tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi, ayniqsa ishlash yoki boshqa maqsadlarda chet elga chiqib ketgan va chet eldan qaytib kelgan fuqarolar bilan ishlashning zamonaviy metodlarini qo‘llash, taalluqli idoralar vakillari bilan uzviy hamkorlik qilish yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Text to speech