Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining Churuq ovuliga tashrifi hudud ahliga haqiyqiy bayramona kayfiyat ulashdi
Buxoro viloyati IIB boshlig‘i 3 sektor rahbari polkovnik Mirjamol Miralimov Shofirkon tuman markazidan 110 km. uzoqlikda joylashgan, Qizilqum kengliklariga tutash, tumanning Sharof Rashidov mahallasiga qarashli Churuq ovulida bo‘ldi.
Bayram arafasida tuman Tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Bundan tashqari, ovulliklarning suyultirilgan maishiy gaz ballonlariga ehtiyoji o‘rganilib, ularning bu boradagi takliflari tinglandi.
Tuman gaz taʼminoti bo‘limi masʼullari tomonidan aholining kundalik ehtiyojda foydalanib kelayotgan suyultirilgan gaz ballonlari yangisiga almashtirib berildi.
Bayram munosabati bilan hududda 16 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdosi tashkil etildi. Churuqliklar mazkur yarmarkada kundalik ehtiyojdagi oziq-ovqat mahsulotlarini hamyonbop narxda xarid qildilar.
Ovulda Mustaqillikning 32 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat IIB boshqarmasi boshlig‘i Mirjamol Miralimov, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar "inson qadri uchun" tamaoyili asosida amalga oshirilayotgani aytib, ovul ahlini Istiqlolning 32 yillik to‘yi bilan samimiy muborakbod etdi.
Bayram munosabati bilan joriy yilda maktabga ilk qadam qo‘yayotgan 5 nafar churuqlik bolajonlarga 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi”ni topshirdi.
Bayramona dasturxon yozilib, osh tortildi. Nuroniylar duoga qo‘l ochib, Mustaqilligimizning abadiy bo‘lishi, tinchligimizga ko‘z tegmasligi, oilalar farovonligi, dasturxonlar to‘kinligini so‘rab duoga qo‘l ochdilar.
Boshqarma boshlig‘i qayta qurilishi rejalashtirilgan 39-maktab loyihasi yuzasidan oqsoqollar, faxriylar bilan uchrashib, ularning takliflarini o‘rgandi.
Muloqot davomida ovulga olib keluvchi yo‘l holatini yaxshilash borasida ham so‘z yuritilib, amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.