17 Iyun 2023 yil 495

Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Jamoatchilik kengashi bu har qanday tizimning oynasi va xalq bilan muloqotini taʼminlash borasidagi chinakam ko‘prikdir.

Shu o‘rinda, Ichki ishlar vazirining 2023 yil 11 martdagi buyrug‘i bilan ichki ishlar organlari jamoatchilik kengashlari to‘g‘risidagi nizom va namunaviy tarkibi tasdiqlandi.

Bugun, 17-iyun kuni IIV huzurida videoselektor tarzidagi barcha hududiy ichki ishlar organlaridagi jamoatchilik kengashlari ishtirokida onlayn uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirni Ichki ishlar vazirning o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov ochib, yig‘ilganlarga jamoatchilik kengashining raisi, o‘rinbosari hamda barcha aʼzolarini birma-bir tanishtirib o‘tdi.

Ushbu onlayn uchrushuvda Buxoro viloyati IIB studiyasidan ham qator masʼullar va jamoatchilik kengashi aʼzolari ishtirok etdi. Uchrashuvdan so‘ng viloyat kengashining ham muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari — MMI va KBTX boshlig‘i podpolkovnik Umid Utayev tomonidan Kengashni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar, tizimning ochiqligini taʼminlash, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni ro‘yi-rost ko‘rsatish va o‘z o‘rnidan munosabat bildirish kabi masalalarda tutgan o‘rni haqida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, boshqarma Axborot xizmati boshlig‘i podpolkovnik Shuhrat Jalolov tomonidan joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida viloyat IIB Axborot xizmati va uning quyi xizmatlari tomonidan OAV va internet tarmoqlarda viloyat ichki ishlar organlari faoliyatiga oid televideniye, radio, davriy nashrlarida va internet tarmoqlari orqali tarqatilgan axborotlar xususida maʼlumot berildi.

Boshqarma va idoralarning tegishli Media-rejalari asosida joriy yilning 5 oyi davomida sohaviy xizmatlar hamda hududiy IIO masʼullari ishtirokida 9 ta matbuot anjumani, brifing va press-tur kabi media tadbirlar o‘tkazildi.

Shu bilan birga, IIO rahbar xodimlarining OAVda chiqishlari ham tashkil etilgan.

Joriy yilning besh oyi davomida IIO bilan bog‘liq tarqatilgan salbiy axborotlar va ular bo‘yicha OAVda berilgan munosabatlar haqida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbirda ichki ishlar organlarini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi joriy etilayotgan platformalar haqida ham maʼlumot berildi.

Taʼkidlash joizki, boshqarmaning rasmiy veb-sayti www.bviib.uz zamon talablariga mos ravishda yaratilgan bo‘lib, mukammallashib bormoqda.

Viloyat korxona va tashkilotlari orasida joylanayotgan maʼlumotlarning dolzarbligiga qarab doimo yetakchilik qilib bormoqda.

Viloyat IIB Jamoatchilik kengashi raisi — O‘zbekiston nodavlat-notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Jasur Boltayev yig‘ilish ishtirokchilariga belgilangan muhim vazifalarni tushuntirib, kengash faoliyati va muammolarni hal etishdagi hamkorlik yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Xususan, jamoatchilik kengashining tashkil qilinishi muhim masala ekanligi, hamda uning aʼzolari xodimlar faoliyatini shaffof tahlil qilish, kuzatish va xulosaviy fikr bildirishda o‘ziga xos yangicha yondashuv joriy etilishi kerakligi, bu esa ish samaradorligini oshirishga, xalq osudaligi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda albatta o‘z samarasini berishiga umid bildirdi.

Jamoatchilik kengashi aʼzolari Ichki ishlar organlari xodimlarining xalq bilan muloqoti, muomala madaniyati hamda psixologik holatlarini barqarorlashtirish borasida o‘zaro hamkorlikka tayyor ekanliklarini aytib o‘tishdi.

OAV vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar ichki ishlar organlaridagi islohotlar, mavjud muammo va kamchiliklar haqida so‘z yuritib, ularni bartaraf etish bilan birga kengash faoliyatini rivojlantirish borasida o‘z takliflarini ilgari surishdi.

Videoselektorda tashkil etilgan jamoatchilik kengashining dastlabki natijalari, yo‘lga qo‘yilgan ish uslublari ko‘rib chiqilib, bu boradagi fikrlar tinglandi.

O‘tkazilgan Jamoatchilik kengashining dastlabki yig‘ilishi turli fikrlar yangi g‘oyalar va takliflarga boy bo‘ldi. Eng muhimi bir nechta yo‘nalishlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Text to speech