Ichki ishlar organi xizmatini ma’nan yuksak, kasbga sadoqat va fidoyi xalqchil professional tuzilmaga aylantirish yo’lidagi amalga oshirilgan muhim islohot
Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, eng asosiysi, bugungi islohotlar bosh maqsadi boʻlgan — inson qadrini qaror toptirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Ayniqsa, soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi va progressiv gʻoyalari asosida ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar — tizimni xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, aholining kunlik muammolari bilan hamnafas ishlaydigan, xalqparvar tuzilmalarga aylantirmoqda, desak xato boʻlmaydi.
Albatta, islohotlarning samarali boʻlishi tizimli va kompleks yondashuvni talab etib, natijadorligi esa kadrlar salohiyati darajasiga bevosita bogʻliq. Shu bois ham ichki ishlar organlarida kadrlar siyosatiga doimiy eʼtibor qaratish lozim boʻlgan muhim vazifa sifatida qaralmoqda.
Shu oʻrinda bir masalaga eʼtibor qaratsak. Tizimga qanchalik yangi tuzilmalar, ish uslublari kiritilib, shaxsiy tarkib zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika vositalari bilan taʼminlanmasin, ulardan aql bilan foydalana olmasa, xodimda bilim, mahorat, maʼnaviyat va sadoqat yetishmasa, bunday kuch tuzilmasini ishonchli va xalqchil, deb boʻlmaydi. Shuni chuqur anglagan holda, soʻnggi ikki yilda ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirish va kadrlar salohiyatini oshirish masalasiga tizimli yondashilmoqda.
Jumladan: O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvar kunidagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yо‘naltirish bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi PQ-10-sonli qarorida Ichki Ishlar Organlarida Kadrlar salohiyatini oshirish zamon talabi va dolzarb vazifa ekanidan kelib chiqqan holda IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va Kadrlar bilan ta’minlash Departamenti faoliyatini innovatsion texnalogiyalar asosida yanada takomillashtirishning bir qator yangicha ustuvor yo’nalishlari belgilandi.
Ichki ishlar organlarida kadrlar siyosatini olib borish borasidagi ushbu muhim qadam sababli, kadrlar bilan ishlash sohasi transformatsiya qilindi. Yaʼni IIV Kadrlar bosh boshqarmasi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti sifatida qayta tashkil etilib, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Tabiiyki, kadrlar bilan ishlash sohasining vazifalari ham yangi tizimning strategiyalaridan kelib chiqib oʻzgardi. Bu borada maʼnaviy-maʼrifiy ishlar faoliyatning bosh mezoniga aylandi.
Shuningdek, ichki ishlar organlari sohasiga uzluksiz oʻquv-karyera va IIV Akademiyasida boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimi joriy etilgani xodimlar maʼnaviyati va ongini oʻzgartirishi bilan birga, tizimda intizom va qonuniylik muhitini qisqa vaqt ichida ijobiy tomonga siljita oldi. Lekin hali tizimda muammolar va kamchiliklar, ayniqsa, xodimlarning muomala madaniyati va kasbiy salohiyati bilan bogʻliq kamchiliklar uchrab turgani sohada qilinishi kerak boʻlgan masalalar koʻpligini koʻrsatmoqda.
Shuning uchun ham yuqorida qayd etilgan qarorni qabul qilish zarurati Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarning tizimli rejalaridan oʻrin oldi.
Xususan, qarorning muhim jihatlaridan biri boʻlgan “Ichki ishlar organlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi”ni qabul qilish tashabbusi bundan bir yil oldin davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan edi. Ushbu tashabbus amaliy tus olishi va rivojlanishi uchun Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturiga kiritildi.
Taʼkidlash joizki, yangi qabul qilingan qaror ichki ishlar organlarida kadrlar sohasida olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi. Ushbu hujjat shaxsiy tarkib oʻrtasida nafaqat “temir intizomni” taʼminlash, balki sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun zamin yaratishi bilan ham ahamiyatli hisoblanadi.
Chunki qaror bilan ichki ishlar organlari xizmatiga nomzodlarni qabul qilish, kadrlarni tayyorlash, ularni oʻqitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, taʼlim sifatini koʻtarish, ilmiy hamda psixologik faoliyatni rivojlantirish, jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasini yuksaltirish hamda xizmat oʻtash masalalarida va albatta, sohani raqamlashtirish boʻyicha ham katta oʻzgarishlarga qoʻl urildi.
Ushbu rejalar va loyihalarni amalga oshirish uchun alohida kompleks chora-tadbirlar “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Shuningdek, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida 6 ustuvor yoʻnalish belgilandi. Qolaversa, departament nizomi ham qabul qilindi.
Endi bevosita qaror mazmuniga toʻxtaladigan boʻlsak, “Ichki ishlar organlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi” ichki ishlar organlari tarixida ilk bor qabul qilinmoqda. Unga qadar faoliyatimizda faqat “Ichki ishlar organlarining intizom ustavi”ga amal qilib kelingan. Ushbu ustavning asosiy predmeti xodimlarni ragʻbatlantirish va intizomiy jazolash faoliyatini tartibga solishdan iborat boʻlgan.
Yangi qabul qilingan kodeks xodimlarni maʼnaviyatli, sadoqatli, xalqparvar etib tarbiyalash, ularda halollik, yuqori masʼuliyat hamda odob-axloq normalariga soʻzsiz rioya etish hissini shakllantirish, nojoʻya harakatlar va korrupsion holatlarning oldini olishga qaratilgan.
Shuningdek, kodeks — kasbiy madaniyat qoidalari, unga amal qilish majburiyati, xodimlarning xizmatdan tashqari vaqtdagi odobi, xizmat intizomi talablari, rahbar va xodimning oʻzaro munosabati, boshliqning majburiyati hamda ragʻbatlantirish va intizomiy choralar qoʻllash tartiblarini oʻz ichiga olgan.
Albatta, kodeksni tasdiqlash va tartiblarni belgilash bilan muammo hal boʻlib qolmaydi. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, unga amal qilishning qatʼiy talablari va shartlari ham belgilandi. Masalan, har bir xodim, u rahbar boʻladimi yoki oddiy xodim, barchasi kodeksga soʻzsiz rioya etishi, uning talablarini oʻzlashtirishi va boʻysunishi shart. Bundan buyon xodimning faoliyatini baholashda kodeks talablarini bilishi va unga amal qilishi asosiy mezonlardan biri sifatida qaraladi.
Kodeks talablariga boʻysunmaslik esa xizmatdan boʻshatishgacha boʻlgan qatʼiy choralarni qoʻllashga asos boʻladi. Shuningdek, barcha darajadagi rahbarlar kodeks talablarining bajarilishiga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish boʻyicha shaxsan javobgar ekanligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu bilan birga, endilikda xodimlar dastlabki sinov muddati davrida kodeks qoidalari va talablarini buzgan hollarda ularga biriktirilgan murabbiylar ayblilik darajasidan kelib chiqib, egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy jazoga tortiladi. Shu tariqa murabbiylar masʼuliyati keskin oshiriladi.
Qarorning muhim yangiliklaridan yana biri, bu — ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish.
Shu maqsadda, IIV va uning hududiy boʻlinmalarida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat maslahat-kengash organi, yaʼni jamoatchilik kengashlari tuziladi.
Jamoatchilik kengashlarini tuzish masalasi birinchi navbatda, demokratik jamiyatning muhim sharti va xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Ikkinchidan, ushbu institut zamon talabi hamda islohotlarning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, joriy etilmoqda. Jamoatchilik kengashlari faoliyatining samarali yoʻlga qoʻyilishi, ishonamizki, sanab oʻtilgan masalalarda oʻzining aniq natijasini berib, faoliyatga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Bundan tashqari, sinov muddati qisqa — uch oy edi. Bularning barchasi yosh xodimlarni xizmat vazifasini lozim darajada bajara olmasligiga, koʻplab xatoliklarga yoʻl qoʻyishiga sabab boʻlgan.
Joriy etilayotgan tartib boʻyicha endi xizmatga faqat salohiyatli nomzodlar tanlab olinadi va boshlangʻich kasbiy bilim va koʻnikmalarni egallaganidan soʻng ularga xizmat qilish uchun ruxsat beriladi.
Shubhasiz, ushbu yangi tizim ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining sifat jihatidan oʻzgarishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, qabul qilingan qaror ichki ishlar organlarini aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlash va fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala boʻlishni taʼminlashga, xodimlarning maʼnaviy-axloqiy fazilatlari yuksalishiga, vatanparvarlik va sadoqat hissi kuchayishiga, tartib-intizom va qonuniylik mustahkamlanishiga, xodimlarda bilim va professionalizm hamda masʼuliyatning ortishi evaziga ish natijalari oʻsishiga, aholining chin roziligiga erishishga xizmat qiladi.
Jamol Djavkashev,
Jondor tuman Ichki ishlar bo’limi boshlig’i, podpolkovnik