Ichki ishlar organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurash eng dolzarb vazifa
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tegishli Farmoni ijrosini taʼminlash borasida joylarda manzilli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda chora-tadbirlarni amalga oshirishga masʼul bo‘lgan xodimlarning bu kabi salbiy holatlarga qarshi kurashishi qolaversa, huquqbuzarliklar profilaktikasida zamonaviy vositalar, shakl va metodlar bo‘yicha bilimlari, amaliy ko‘nikma va malakalarini oshirishga qaratilgan Buxoro viloyati IIBning tegishli buyruq, ko‘rsatma va o‘quv dasturlari ishlab chiqilib, ijroga qaratilgan.
Shu asosda bugun, 2 noyabr kuni boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Umid Utayev boshchiligidagi masʼullar Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda, jamiyatda o‘ta dolzarb masala sanalgan korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirish, unga qarshi kurashish har bir davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolayotganligi, bu borada muvaffaqiyatli tizimni barpo etish, unga ko‘ra keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish, amalga oshirilayotgan ishlarga tanqidiy yondashgan holda milliy qonunchilikda belgilangan qonun-qoidalarni amaliyotga tatbiq etishni taqozo qilishi haqida so‘z yuritildi.
Xalqimizning tom maʼnodagi adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun nafaqat masʼul shaxslar, balki har bir xodim o‘z hissasini qo‘shishi zarurligi taʼkidlandi.
Shu o‘rinda, xodimlarda korrupsiyaga, har qanday qonunbuzarlikka nisbatan murosasizlik kayfiyati, madaniyatining shakllanishiga ham alohida eʼtibor qaratilishi lozimligi, bunda qonunbuzarliklar sodir etilishiga, ko‘payishiga xodimlarning befarq va loqayd bo‘lmasliklariga urg‘u berildi.